Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi bilan 100 mln dollarlik «Murobaha» moliyalashtirish bitimi hamda agentlik kelishuvini imzoladi. Mablagʻ oziq-ovqat xavfsizligini taʻʻminlash maqsadida 24 oygacha boʻlgan muddatga ikki transhda ajratiladi.

4 mart kuni Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida 100 mln dollar miqdoridagi «Murabaha» moliyalashtirish bitimi va agentlik kelishuvi imzolandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Bitim Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.

«Mablagʻ 24 oygacha boʻlgan muddatga qulay shartlarda ikki transhda ajratiladi. Ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston aholisining ehtiyojlarini qondirish, mamlakat agrar sektorining barqarorligi va rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashga imkon beradi», — deyiladi xabarda.

Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) Islom taraqqiyot bankining asosiy instituti boʻlib, uning vazifasi Islom hamkorlik tashkilotiga aʻʻzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy oʻsish va savdoni rivojlantirishni ragʻbatlantirishdan iborat.

Mavzuga aloqador