Oʻzbekistonlik imom-xatiblar davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Oʻzbekiston tarixida birinchi marta imom-xatiblar yuksak davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoev farmoni bilan uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston
prezidenti Shavkat Mirziyoev "Oʻzbekiston mustaqilligining 33 yilligi
munosabati bilan fan, taʻʻlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʻʻat
sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash
toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.
Taqdirlanganlar orasida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta
diniy soha xodimlari ham bor. Farmonga koʻra, uch nafar imom “yurtimiz taraqqiyotini taʻʻminlash,
jamiyatda tinchlik va totuvlik, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, yosh avlodni
ezgu gʻoyalar ruhida sogʻlom va barkamol etib tarbiyalashga qoʻshgan katta hissasi,
shuningdek, jamoat ishlaridagi faolligi uchun” “Imom Buxoriy” ordeni bilan
taqdirlandi.
Mukofotlangan
imom xatiblar
• Naimov Alisher Abdurashidovich – Fargʻona viloyati
bosh imom-xatibining oʻrinbosari, Quvasoy shahar bosh imom-xatibi
• Usmanov Raxmatillo
Axmatovich – Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakili
• Elov Jobir
Rustamovich – Buxoro viloyati bosh imom-xatibi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakili.
Eslatib oʻtamiz,
Oʻzbekiston prezidentining 2023 yil 27 iyundagi farmoni bilan marhum shayx
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Oliy Darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlangan edi. 2022
yilning avgustida esa Shavkat Mirziyoev Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz
Ol Saudni, noyabrda Turkiya prezidenti
Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlagan edi.
Azon
Global jamoasi mukofot olgan imom-xatiblarimizni qutlaydi. Ulugʻ bobokalonimiz
nomidagi mukofot muborak boʻlsin! Alloh taolo xalqimizning diniy savodxonligini
oshirish yoʻlidagi xizmatlarini dargohida qabul qilsin. Oʻzining huzurida yuksak
ajrlar ato etsin.