Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston Islom Amirligiga tashrif buyurib, Tolibon rahbariyati bilan koʻp tomonlama muzokaralar oʻtkazdi. Muzokaralarda oʻzaro savdo aylanmasini 2024 yilda 1 mlrd dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 mlrd dollarga etkazish, Afgʻonistonda Oʻzbekiston mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etish, afgʻon tadbirkorlarining Oʻzbekistonda faol ishlashini taʻʻminlash masalalari muhokama qilindi.

17 avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistonga tashrif buyurdi, deya xabar berdi hukumat rahbari matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Kobul shahrida Afgʻoniston bosh vaziri v.b. Abdul Gʻani Barodar, uning maʻʻmuriy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Abdul Salom Xanafiy, siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Abdul Kabir va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutakiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.

Muzokaralarda davlatlar oʻrtasidagi aloqalar doʻstlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangani, Oʻzbekiston Afgʻonistonga Markaziy Osiyoning uzviy va ajralmas qismi sifatida qarashi qayd etildi.

Uchrashuvlarda Afgʻoniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, mis, temir, neftʻ-gaz konlarini birgalikda oʻzlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, transport-logistika, qishloq va suv xoʻjaligi, taʻʻlim, hududlararo munosabatlarlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, oʻzaro savdo aylanmasini 2024 yilda 1 mlrd dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 mlrd dollarga etkazish boʻyicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni oʻzaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida taʻʻkidlandi.

Bunda ikki tomonlama investitsiyalarni himoya qilish hamda imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta turtki berishi maʻʻlum qilindi.

Abdulla Aripov hamda Abdul Gʻani Barodar afgʻonistonlik va oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Maʻʻlum qilinishicha, 1 oktyabrdan ikki mamlakat oʻrtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi. Ushbu hujjat doirasida kelishilgan 14 xil mahsulotga import bojlari bekor qilinadi va eksportyorlar uchun qulaylik yaratiladi.

Afgʻonistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importini yanada oshirish maqsadida fitosanitar ruxsatnoma berish tartibi engillashtirildi, deyiladi xabarda.

1 avgustdan Ayritom-Xayraton chegara posti 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilgan. Xalqaro Termiz savdo markaziga tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi va barcha soliqlardan ozod etiladi.

Afgʻonistonlik tadbirkorlarni Oʻzbekistonda faol ishlashi uchun ikki davlat oʻrtasida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi.

Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi Kobul shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Afgʻoniston biznes forumi hamda Made in Uzbekistan koʻrgazmasining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etdi.

Koʻrgazmada Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan korxonalarning tekstilʻ, charm-poyabzal mahsulotlari, gilamlar, meva-sabzavotlar, elektrotexnika va kabelʻ mahsulotlari, avtomobilʻ va qishloq xoʻjaligi texnikasi, metallurgiya, neftʻ-kimyo va boshqa koʻplab turdagi tayyor mahsulotlari namoyish etilmoqda.

17 avgust kuni ish boshlagan Made in Uzbekistan koʻrgazmasi 21 avgustga qadar davom etadi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kobulda Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar oʻtkazgandi. Muloqotda Afgʻonistondagi savdo, tranzit, investitsiyalarni rivojlantirish, suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik va boshqa masalalarga toʻxtalgandi.

Mavzuga aloqador