Afgʻoniston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi chegaralarni suv toshqinlari yuvib ketgan va ular qayta belgilanib chiqiladi, dedi energetika va suv resurslari vaziri v.b. Abdul Latif Mansur hududiy kelishuvlardagi ehtimoliy oʻzgarishlarga ishora qilgan holda.

Afgʻonistonning Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan chegaralari suv toshqini tufayli noaniq boʻlib qolgan va ular qayta belgilanib chiqiladi. Bu haqda Tolibon hukumati energetika va suv resurslari vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur maʻʻlum qildi, deya xabar bermoqda TOLOnews.

“Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarimiz suv toshqinlari tufayli yuvilib ketdi. Biz avvalgi chegaralarni belgilash boʻyicha muhim ishlarni amalga oshirmoqdamiz va 20 kun avval oliy etakchimiz bilan bu masalani muhokama qilgan edik”, — dedi Mansur.

Mansurning soʻzlariga koʻra, Haybatulloh Oxundzoda koʻrsatmasi bilan tuzilgan bu reja bir qancha vazirliklar, jumladan, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa vazirligi va Razvedka Bosh boshqarmasi ishtirokida amalga oshiriladi. Biroq vazir strategiya tafsilotlarini oshkor qilmadi.

“Bizning hech bir harakatimiz qoʻshnilarimizga zarar etkazish niyatida emas. Biz qoʻshnilar zarariga oʻzimizning haq ulushimizdan koʻp suv ishlatmadik va bunday qilish niyatimiz ham yoʻq”, — dedi Afgʻoniston Energetika vazirligining katta maslahatchisi Faruk Aʻʻzam.

Afgʻoniston bilan Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi chegara Amudaryo boʻylab, Tojikiston bilan esa Panj daryosi boʻylab oʻtadi va u Vaxsh bilan qoʻshilib, Amudaryoni hosil qiladi. Tojikiston bilan chegara uzunligi 1344 km.

Afgʻonistonda hokimiyat tepasiga kelgandan soʻng Tolibon Amudaryodan boshlanib, shimoliy uchta viloyat – Faryob, Balx va Juzjon erlarini suv bilan taʻʻminlaydigan Qoʻshtepa irrigatsiya kanali qurilishini boshladi. Bu rejalar Amudaryo suvining salmoqli qismini egallagan Oʻzbekiston va Turkmanistonda xavotir uygʻotmoqda. Biroq afgʻon hukumati transchegaraviy daryo oqimidan avval foydalanmagan ulush huquqini taʻʻkidlamoqda.

Mavzuga aloqador