Yangilik bormi?

– Yoʻq... boʻp qolar...

Biz juda bolajon xalqmiz. Farzand tarbiyasi qadriyat darajasida. Qaysidir oilada farzand tugʻilsa, quvonamiz. Bir inson koʻpayganiga shukur qilamiz. Allohning bu neʻʻmati oila mustahkamligi, masʻʻuliyatini oshiradi.

Kelin olgan paytlarimiz edi. Hali bir-ikki oy oʻtdimi-yoʻqmi, qoʻshnilar keliningizda yangilik bormi, deb soʻradi. Bilmasam dedim. Sal koʻnglim gʻashlandi. Birovning yangiligini tugʻilganda bila qolarsilar, degim keldi. Nega buncha oʻchlik bor yangi kelinlarning oʻzgarishiga?

Yaqinda uzatilgan qarindoshim nolib qoldi, hamma yangilik haqida soʻraverib koʻz ochirmaydi. Uzoq yillar farzand koʻrmagan ayollarga qanchalar qiyin boʻlganini his qilyapman. Besh oy ichida shuncha siqildim, dedi. Yana bir kelin bir yil oldin farzandi oʻlik tugʻilgani uchun davolanish jarayonida ekan. Shundan ham soʻroqlashar ekan. Bechora...

Turmushda, hayotda har xil holatlar boʻladi. Bir yangamiz ancha yil farzand koʻrmagan edi. Odamlarning soʻravergani qalbiga nashtar boʻlib sanchilar ekan. Bir kuni otamga “Oʻgʻlingizni boshqaga uylantiring,  farzandli boʻlsa boʻldi”, deb yigʻladi. Otam rahmatli choʻrtkesar odam edi. “Alloh oʻgʻlimning peshonasiga farzand yozgan boʻlsa, bir kuni beradi, sabr qilinglar”, dedi. Yangam ketma-ket oʻgʻillar tugʻdi, voyagayam etdi. Biz u gaplarni unutdik.

Bir kuni katta korxonada hamshira boʻlib ishlaydigan opam qoʻngʻiroq qilib qoldi. Bir hamkasbi yoshi kattaroq qiz davolanish jarayonida dorilar sabab biroz semiribdi. Oʻsha qizga bir kuni qaysidir ayol “Siz oʻgʻil koʻrsangiz kerak, yuzingizdan semirdingiz”, depti. Opam bu ayolni imlab chaqirib, oʻsha qizning koʻnglini ogʻritdingiz, u turmushga chiqmagan, kechirim soʻrang, depti. Afsuski, dilxiralik davom etibdi. Odamlar buncha kuzatuvchan? Birovning semirib-ozganiyu, koʻylagi kengayganigacha muhokama qilsa-ya. Hamma dunyoni oʻz qarichi bilan oʻlchaydi, dedim opamga.

Ishxonamizga juda samimiy dilbar talaba qiz amaliyotga keldi. Yangi kelin ekan. Boshqa talabalardan ertaroq ketishga, uyiga shoshilishga harakat qilardi. Bir kuni kayfiyatsiz keldi. Sababini soʻrasam, ovsini tushganingizga uch oy boʻldi, yangilik yoʻqmi, oilaning kattalari soʻrashdi, depti.. Oila kattalari bolajon boʻlsa, kerak, farzandimizning bolasini erkalatib katta qilaylik, deb shoshilayotgandir, deb kelinchakni ovutdim. Ammo ichimda nimadir isyon qildi. Uch oy boʻptiyu endi, uch yil, oʻn yil kutganlar qancha. Alloh bermasa, tortib olmaydi-ku.

Bir kuni kelin olganiga bir yil boʻlgan ayol singlisidan ranjidi. “Opa, yaxshi klinika bor ekan, oʻsha joyda chet ellik shifokorlar EKU amaliyoti olib borar ekan”, debdi. Singilning niyati yomon boʻlmagan. Opasining uyida chaqaloq koʻrgisi kelgan. Ammo yosh kelin-kuyov bir-ikki yilda oilaga moslashadi. Shu davrda ularni sunʻʻiy farzand koʻrishga chorlash nimasi? Agar farzand koʻrish duosi yoki obdon tekshiradigan shifoxona tavsiya qilsa ham, buncha ranjimas edim, deydi opa.

Onam rahmali doim farzandtalablarga farzand ber, deb duo qilardi. Oʻzi opa-akalari erta olamdan oʻtib yolgʻiz qiz boʻlgani uchunmi, koʻp boʻlishimizni orzu qilgan ekan. Oʻn bitta tugʻib, toʻqqiztamizga ega boʻldi. Otam bilan oʻqitib, elga qoʻshdi. Duolarining maʻʻnisini voyaga etib tushundim. Farzand kutayotganlarga har bir kunning oʻtishi azob ekan.

Uzoq yillar oldin shamollab kasalxonada davolanganimda xonadosh sherigim kechalari uzoq yigʻlab chiqar, hol soʻrasam, oʻzim, deb qoʻya qolardi. Bir kuni oʻtqazib olib, odam ezilib yigʻlaversa, kasal zoʻrayishini, tuzalish kechikishini tushuntirdim. Kamgap boʻlgani bilan aqlli juvon ekan. Farzandsizlikdan davolanayotgan ekan. Hamma tahlillari yaxshi chiqibdi. Ammo qaynonasi faqat kelinni ayblar ekan. Kuyov bilan birga topshiriladigan tahlillar va birga qabul qiladigan dorilarga ruxsat yoʻq emish. Oʻsha kuni ayolini yoʻqlab kelgan kuyovga shifokor bilan kelishib, nasihat qildik. Onasidan oʻtib bir ish qilmaydigan erkak ayolini yaxshi koʻrar, nuqson oʻzida ekanini bilar ekan. U yogʻi shifokor nima dedi, bilmadim. Er-xotin birga ketdi. Menda doim ayollar aybdor, degan xulosa qoldi.

Oʻnta boʻlsa, oʻrni boʻlak, deydi oʻzbek. Bolaning begonasi yoʻq, deb yaxshi koʻradi. Farzand – uyning chirogʻi, koʻz nuri, deb alqaydi. Shuning uchunmi, boshqalarning ham oilasida koʻpayish boʻlishini istaydi. Baʻʻzan dilidagi tiliga chiqib ketadi “Yangilik bormi?” deb qoʻyadi. Bunda hech qanday yomon niyat yoʻq. Ammo javob berguchining koʻngli bor. Yangilik yoʻq boʻlsa, ogʻriydi qalb. Soʻraguchi bir-ikkita boʻlsa, mayli. Juda koʻp boʻlsa, chandiq tushadi yurakka. 

Birovning ichki ishini Allohga qoʻyib beraylik. Qoʻlimizdan kelsa, duo qilib qoʻyaylik. Yangilik boʻlsa, koʻpayganida eshitarmiz.

Manzura ShAMS

Mavzuga aloqador