Oʻzbekiston Jahon tillari universitetining 2-bosqich talabasi boʻlgan 20 yoshli yigit Toshkentdagi Isroil elchixonasi yoniga borib, uni yoqib yuborish maqsadida devor osha ichkariga kerosin solingan shisha uloqtirgan.

Foto: Alamy

Toshkent shahrida talaba yigit Isroilning Oʻzbekistondagi elchixonasini yoqib yuborishga urindi. Sud hujjatida keltirilishicha, 2004 yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, Oʻzbekiston Jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi boʻlgan A.A. 2023 yilning 19 oktyabr kuni erta tongda Isroil elchixonasini yoqib yubormoqchi boʻlgan.

Yigit oʻsha kuni soat 4:30 lar atrofida oʻz maqsadini amalga oshirish uchun sport sumkasiga kerosin solingan shisha idish, gantel, ikki quti gugurt va mato boʻlaklarini solib, velosipedda elchixona yoniga kelib toʻxtagan. Shunda uning harakatlari elchixona yonida joylashgan Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB xodimlarining eʻʻtiborini tortgan.

IIB xodimlari yigitdan toʻxtashni soʻragan, u esa esa velosipedini boshqargan holda qochishni boshlagan. Xodimlar xizmat mashinasida uni kuzatib borib, toʻxtatgan va IIB binosi yoniga olib kelishgan hamda elkasidagi sumkani ochib koʻrsatishni soʻrashgan. Talaba yigit shunda ham oʻz maqsadiga etishish uchun IIB xodimlarini chalgʻitib, sumkasidagi kerosin solingan shisha idishni va bir dona gantel toshini qoʻliga olib, elchixona binosi tomonga yugurgan. IIB va elchixona binosini qoʻriqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari yigitni elchixona eshigi yonida ushlashgan. Bu orada u qoʻlidagi shishani va gantel toshini devor ustidan elchixona hovlisi ichiga uloqtirishga erishgan.

A.A. sudda bergan koʻrsatmasida 2023 yil oktyabr oyining oʻrtalarida Gʻazo sektorida Isroil va Falastin oʻrtasida boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlar aks etgan videolarni koʻra boshlaganini, oqibatda Isroil davlatini yomon koʻrib qolganligini, oʻch olish maqsadida ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishni maqsad qilganini bildirgan.

“Avval kerosin solingan butilkalarni devor orqali elchixona ichki hovlisiga uloqtirmoqchi edim. Keyin uning ortidan mato boʻlaklarini gantel toshlariga oʻragan holda kerosin bilan toʻyintirib, ularni ham yoqqan holda kerosinli shisha singan hududga otib, bu orqali elchixonaga oʻt qoʻyishni reja qildim.

Odamlarga yoki elchixonaga zarar etkazish niyatim boʻlmagan, faqatgina Isroil davlati Falastindagi shifoxonaga bomba tashlagani uchun norozilik bildirmoqchi boʻldim. Sodir etgan harakatlarim notoʻgʻri ekanini tushunib etdim”, degan suddagi koʻrsatmasida.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudining shu yil 19 apreldagi hukmi bilan A.A. Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga aloqador