Dushanba kuni Hindiston Oliy sudi Jammu va Kashmir shtatining maxsus maqomini bekor qiluvchi qonunning haqiqiyligini tasdiqladi. Bu haqdagi qonun loyihasi bosh vazir Narendra Modi hukumati tomonidan 2019 yilda qabul qilingan edi.

“Biz Konstitutsiyaning 370-moddasini bekor qiluvchi prezidentning konstitutsiyaviy tartib chiqarish vakolatini amalga oshirishini haqiqiy deb hisoblaymiz”, — deya Hindiston Oliy sudi konstitutsiyaviy hayʻʻati soʻzlaridan iqtibos keltirdi Anadolu agentligi.

Oliy sud hukumatdan mahalliy saylovlarni kelasi yilning sentyabrigacha oʻtkazishni soʻragan.

Shunday qilib, Jammu va Kashmirning maxsus maqomini bekor qilish haqidagi hukumat qarori oliy sud tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va Hindistonda endilikda ushbu qaror ustidan qonuniy ravishda shikoyat qilib boʻlmaydi. 2019 yilda mintaqa avtonom maqomining bekor qilinishi mazkur mintaqaning bir qismini nazorat qiluvchi va unga egalik huquqi uchun tortishayotgan Pokiston bilan munosabatlarning yomonlashishiga olib kelgan edi.

Avvalroq mamlakatning bir qator fuqarolari, bir qancha guruhlar va siyosiy partiyalar Hindiston Oliy sudiga 20 ga yaqin petitsiya bilan murojaat qilib, Modining Jammu va Kashmirning maxsus maqomini bekor qilish haqidagi qarorini konstitutsiyaga zid deb topishni talab qilgan edi.

Shu bilan birga, Jammu va Kashmir sobiq bosh vazirlari Umar Abdulla va Mehbuba muftiyning aytishicha, politsiya ularni Hindiston Oliy sudi qarorigacha uy qamogʻida ushlab turgan. Bundan tashqari, Jammu va Kashmir Xalq Demokratik partiyasi politsiya oʻz qarorgohi eshiklarini muhrlab qoʻyganini aytdi.

Mavzuga aloqador