Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Dushmanga qarshi qoʻrqinch yordamida gʻolib qilindim! Agar men bilan ularning orasi bir oylik yoʻl boʻlsa ham, bundan qalblari qoʻrqinchga toʻla boʻladi”, deganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam ushbu gaplarini: “Menga bundan oldingi paygʻambarlarga berilmagan beshta narsa berilgan”, degan joyda aytib oʻtganlar. Yaxshilab oʻylab koʻrilsa, ana shu beshta xislat Paygʻambarimiz alayhissalom tufayli ummatlariga ham berilgan, deyishimiz mumkin.

Afsuski, din dushmanlari tomonidan tizimli va puxta ishlab chiqilgan reja asosida oxirgi 30-40 yilda islom dinidan qoʻrqish va qoʻrqitish holati butun dunyo boʻylab yoyilib ulgurdi. Buning natijasida “islomofobiya” atamasi paydo boʻldi. “Fobiya” – “qoʻrquv” maʻʻnosida boʻlib, “islomofobiya” soʻzi “islomdan qoʻrqish” maʻʻnosini anglatadi.

Aslini olganda, bu ham musulmonlar boshiga tushgan taqdiri ilohiy boʻlib, goʻyo undan bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ogohlantirganlar. Musulmonlar oʻz taqdirlariga, ilohiy qismatga rozi boʻlishlari, sabr-toqatli va bardoshli boʻlishlari kerak. Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: نُصِرْتُ بِالرُّعْبِ مَسِيرَةَ شَهْرٍ – “Bir oylik masofadagi qoʻrqinch sababli gʻolib qilindim!” deganlar (Buxoriy, 1/438; Muslim, 1/521).

Imom Ahmad esa ushbu rivoyatni bu tarzda naql qilganlar:

نصرت على العدو بالرعب ولو كان بيني وبينهم مسيرة شهر لملئ منه رعبا

“Dushmanga qarshi qoʻrqinch yordamida gʻolib qilindim! Agar men bilan ularning orasi bir oylik yoʻl boʻlsa ham, bundan qalblari qoʻrqinchga toʻla boʻladi” (Ahmad, 2/7068).

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam ushbu gaplarini: “Menga bundan oldingi paygʻambarlarga berilmagan beshta narsa berilgan”, degan joyda aytib oʻtganlar. Yaxshilab oʻylab koʻrilsa, ana shu beshta xislat Paygʻambarimiz alayhissalom tufaylidan ummatlariga ham berilgan, deyishimiz mumkin. Imom Buxoriy bobomiz mazkur hadisni rivoyat qilar ekanlar, uni dalillash maqsadida oyati karimadan ham iqtibos keltiradilar:

سَنُلْقِي فِي قُلُوبِ الَّذِينَ كَفَرُوا الرُّعْبَ بِمَا أَشْرَكُوا بِاللَّهِ مَا لَمْ يُنَزِّلْ بِهِ سُلْطَانًا وَمَأْوَاهُمُ النَّارُ وَبِئْسَ مَثْوَى الظَّالِمِينَ

“Alloh hujjat nozil qilmagan (but, sanam kabi) narsalarni Unga sherik qilganlari uchun tezora kofirlarning dillariga vahima solurmiz. Ularning borar joylari doʻzaxdir. Zolimlarning joyi naqadar yomon!” (Oli Imron, 151).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sharofatlari orqali ummati Muhammadiy maʻʻnan gʻolibdirlar. Ulardan bir oylik uzoqlikda boʻlsalar ham dushmanlar qoʻrquv iskanjasida qolaveradilar. Shu darajada islomdan va musulmonlardan qoʻrqadilarki, kecha-kunduz islomga va musulmonlarga nisbatan zulmu sitam qilishga chogʻlanadilar. Islomofobiya zulm va sitamga asoslanadi. Zotan, bizga islomofobiya boʻlishi, hayotimizda islomofobiyaga uchrashimiz haqida bashorat qilgan yuqoridagi oyati karimada aytilganidek, “Ularning borar joylari doʻzaxdir. Zolimlarning joyi naqadar yomon!”

Islomofobiya islom tarixiga, musulmonlar peshonasiga yozilgan ayanchli taqdirdir. Ushbu soʻzning qachon aytilganining ahamiyati yoʻq, uning mohiyati va harakati sevimli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tugʻilgan kundan boshlangan. U bugungi kungacha yayrab-yashnab kelmoqda va u qiyomatgacha qoladigan harakatdir. Ustozimiz Shayx Doʻstmuhammad Tursun rahimahulloh: “Musulmonlarga hech bir zamonda yaxshi davr boʻlgan emas! Muammolar barcha zamonlarda mavjud boʻlgan” deguvchi edilar. Zotan, muammolar musulmonlar uchun bir sinovdir. Bu sinov musulmonlarni toblaydi, muammolar qarshisidagi musulmonlarning savobi koʻpayadi, gunohlari esa yuviladi. Muammolar musulmonlarning kuchlariga kuch qoʻshadi, gʻayratiga gʻayrat endiradi, gʻalaba va nusrat bagʻishlaydi. Islomofobiya esa barcha zamonlardagidek oʻz qoʻrqinchiga qovrilib, magʻlub boʻlib qolaveradi. Islomofobiyaning etagini tutganlar ikki dunyoda xor, rahmatga esa zor boʻlib qolaveradi. Zotan, Soʻfi Allohyor bobomiz aytganlari ayni haqiqatdir:

Hasad etgan kishi dun-i dagʻaldur,

Bu bir soʻz xalq aro eski masaldur:

“Chirogʻiniki, Haq yondurdi qoʻydi,

Ani kim “puf” dedi, soqoli kuydi”.

Islomofoblarga achining, uning etagini tutganlarning qalblari qoʻrqinchdan kuyib ketayotganidan Sizning ruhingiz koʻtarilsin. Aslo mahzun boʻlmang! Gʻayrat-shijoat, gʻalaba va nusrat Sizga yor boʻlsin!     

Hamidulloh Beruniy.

Mavzuga aloqador