18.10.2024 16:32

Himmatni baland qilish sabablari

“Himmat” soʻzi biror ishni qasd qilish – xohishning avvalini bildiradi. U maqsad sari etaklovchi tuygʻudir. Bu tuygʻu egalari maqsadlariga erishish yoʻlida har qanday mashaqqatga sabr qiladilar. Himmatning eng oliysi esa, shubhasiz, Allohning hukmlarida ogʻmay harakat qilish, bu yoʻlda sobit boʻlishdir. Bu insondan qanchalik sabr-bardosh va irodani talab qilsa-da, yakunda oʻzining shirin mevalarini beradi. Ushbu natijalar – himmatni baland qilish sabablari haqida suhbatlashamiz.

1. Ilm va idrok. Ilm hamisha himmatni oliy qiladi. Ilmli inson koʻrkoʻrona taqliddan xoli, sof niyatli boʻladi. Qissada kelishicha, bir yigit yuqori martabali xonadonning goʻzal qiziga sovchi qoʻydi. Qiz yigitning kambagʻalligi va oddiy oiladan boʻlgani uchun koʻnmadi. Shunda yigit oliy martabali boʻlishga qasd qildi, ammo buning uchun boylik topgani yaxshiroqmi yo obroʻ keltiradigan biror ish qilganimi, oʻylanib qoldi. Soʻng ilm oʻrganishni tanladi. Natijada olim boʻldi, katta obroʻ qozondi. Boyagi qizning oʻzi unga sovchi yubordi. Yigit esa: “Men ilmdan hech narsani ustun qoʻyolmayman”, deb javob berdi.

Ilm oʻz egasiga har bir narsani oʻrnida bajarishni va ortiqcha narsalardan yiroq boʻlishni oʻrgatadi. Rasululloh alayhissalom: “Har bir haqdorning haqini ado qilinglar”, deganlar. Idrok esa insonni shayton hiylalarini anglab, ularga aldanmaslikka yordam beradi.

2. Oxirat uchun harakat qilish. Alloh taolo aytadi:

“Kim oxiratni istasa va moʻminlik holida (oʻz) saʻʻyi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarning saʻʻyi (Alloh nazdida) manzurdir” (Isro surasi, 19-oyat).

Paygʻambar alayhissalom aytadilar: “Kimning gʻami oxirat boʻlsa, Alloh taolo unga koʻp narsalarni muhayyo etadi, qalbini xotirjam qiladi va dunyoni uning izidan quvib yuradigan qilib qoʻyadi. Kimning gʻami bu dunyo boʻlsa, Alloh uning ishlarini tarqoq, koʻzini och qilib qoʻyadi va dunyodan unga yozilgani boʻladi”.

3. Oʻlimni koʻp eslash. Oʻlimni eslab turish oxirat uchun amal qilishga, bu oʻtkinchi dunyoga aldanib qolmaslikka, tavba qilishga va toʻgʻri yoʻlda himmatli boʻlishga undaydi. Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan oʻtirgan edik. Shunda bir jamoatni koʻrib qoldilar. “Ular nimaga toʻplanishgan?” deb soʻradilar.

“Kavlangan qabr atrofida toʻplanishgan”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qoʻrqib ketdilar va sahobalar orasidan turib qabr tomonga ketdilar.

Borib choʻkkalab oʻtirib qoldilar. Men old taraflaridan oʻtib, nima qilyaptilar ekan, deb qaragan edim, yigʻlayotgan ekanlar. Hatto tuproq hoʻl boʻlib ketdi. Soʻng bizga yuzlanib: “Ey birodarlarim! Mana bu kunga qattiq tayyorgarlik koʻringlar”, dedilar».

4. Duo. Bu paygʻambarlarning sunnati va barcha yaxshiliklarni jalb qiluvchidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Insonlarning eng ojizi duo qilishdan ojiz boʻlganidir”, dedilar. Va yana bir muborak hadislarida: “Agar sizlardan biror kishi biror narsa soʻramoqchi boʻlsa, koʻproq (va kattaroq) soʻrasin, chunki Rabbidan soʻrayapti”, dedilar”.

5. Eʻʻtiborni jamlamoq. Hasan Basriy aytadi:

“Oʻzingni haq narsaga mashgʻul qilmasang, unda botil bilan mashgʻul qilib qoʻyasan”.

6. Chalgʻitadigan muhitdan uzoq boʻlmoqlik. Muhit insonga qattiq taʻʻsir koʻrsatuvchi omil. Sahih hadisda kelishicha, bir kishi toʻqson toʻqqizta odamni oʻldirdi va bir obidning oldiga borib: “Tavba qilsam, qabul boʻladimi?” deb soʻradi. Obid aytdi: “Shuncha gunohni qilib, yana tavba demoqchimisan? Baribir qabul boʻlmaydi”. Shunda qotil: “Unda hisob yuzta boʻlsin”, deb obidni ham oʻldirdi. Shundan soʻng bir olim kishiga yoʻliqib: “Yuzta odam oʻldirganman, tavba qilsam, qabul boʻladimi?” deb soʻradi. Olim aytdi: “Ha, albatta qabul boʻladi, tavbang bilan Allohning oʻrtasini hech kim toʻsolmaydi. Lekin sen falon erga borgin, u erda Allohga ibodat qiladigan solih kishilar bor, ularga qoʻshil. Oʻz shahringga borma, chunki u yaxshi joy emas”.

Qotil olim aytgan shaharga ketayotganida ajali etdi.

Shunda rahmat farishtalari bilan azob farishtalari kelib talashishdi. Soʻngra qaysi shaharga yaqin boʻlsa, oʻsha taraf jasadni oladi, deb kelishishdi va masofani oʻlchashdi. Qotil solih odamlar yashaydigan shaharga yaqinroq boʻlib chiqdi va rahmat farishtalari uni olishdi.

Balki shuning uchun ham shariatimizda uylanmagan yigit zino qilsa, yashab turgan joyidan boshqa erga bir yil muddatga surgun qilingandir? Chunki shahrida boʻlib tursa, yana zino qilib qoʻyishi mumkin.

7. Oliyhimmatli kishilar bilan suhbatdosh boʻlish va ular haqida koʻp oʻqish. Bu himmatni oliy qilish sabablarining eng muhimlaridan. Solih kishilarning suhbatidan insonlar koʻp foyda oladi. Ularnikoʻrganda Alloh taologa boʻlgan ixlosimiz ziyoda boʻladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Insonlardan yaxshilikka chorlovchi kalit va yomonlikdan toʻsuvchi qulf kabi boʻlganlari bor”, dedilar.

8. Har qanday sharoitda ham xayrli amallarga shoshish va unda sabr bilan davom etish. Alloh taolo aytadi: “Ey imon keltirganlar! Sabr qiling, bagʻrikeng boʻling va (Alloh yoʻliga) taxt boʻlib turing va Allohdan qoʻrqing, zora, (oxiratda) najot topsangiz!” (Oli Imron surasi, 200-oyat); «Bizning toʻgʻrimizda (yoʻlimizda) jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, Oʻz yoʻllarimizga hidoyat eturmiz...”. (Ankabut surasi, 69-oyat).

Asadullo Xolmurodovning "Moʻminning quvvati" kitobidan olindi