Qozogʻistonning Turkiston viloyatida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qatar va Pokiston harbiylari ishtirokidagi “Cheksiz birodarlik-III” mashgʻulotlari yakunlandi. 400 dan ziyod harbiy xizmatchilar qatnashgan mashgʻulotlarga zirhli mashinalar, armiya aviatsiyasi va dronlar jalb etildi.

Qozogʻistonning Turkiston viloyatidagi “Oʻrda” togʻ poligonida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qatar va Pokiston harbiylari ishtirokidagi “Cheksiz birodarlik-III” mashgʻulotlari yakunlandi.

Mashgʻulotlarni ushbu olti mamlakat Qurolli Kuchlari qoʻmondonlari kuzatib bordi. Shuningdek, Turkiston viloyatidagi mashgʻulotlarga Iordaniya va Qirgʻizistondan ham kuzatuvchilar taklif qilindi.

Dastlab, «Oʻrda» poligonida qurol-yarogʻ, harbiy texnika va kiyim-kechak namunalari koʻrgazmasi namoyish etildi. Soʻngra amaliy harakatlar namoyishi boshlandi.

Olti davlatning birlashgan guruhlariga chegarani buzib oʻtgan shartli noqonuniy qurolli guruhni toʻsib qoʻyish va yoʻq qilish vazifasi yuklatildi. Jangarilarning dronlardan foydalanishga urinishi elektron urush orqali bartaraf etilgan.

Taktik desant guruhi qoʻmondonlik choʻqqilarini zabt etdi, hujum esa kamikadze dronlari, aviatsiya va kvadrotsikllardagi mobil guruhlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Dushman binoga bostirib kirganidan soʻng, tunnelda dronlar yordamida “yoʻq qilindi”.

Amaliyot yakunida qoʻmondonlar ishtirokchilarni tabriklab, terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish muhimligini taʻʻkidlashdi. Mashqlar qoʻshinlarning izchil va samarali harakat qilishga tayyorligi tasdiqlagani qayd etildi.

Mashgʻulotlar tajriba almashish, qoʻmondonlik-nazorat organlari va harbiy kontingentlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik darajasini oshirish, boʻlinmalar shaxsiy tarkibini individual va guruhli tayyorlashga qaratilganiga urgʻu qaratildi.

Mashqlarning eng yaxshi ishtirokchilari taqdirlandi. Mashgʻulotlarda jami 400 dan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Mavzuga aloqador