20.01.2025 18:00

Tahlil: Raqamli mustamlakachilik imperializmning zamonaviy davomimi?

Raqamli mustamlakachilik imperializmning zamonaviy davomimi?


Keniyadagi 140 dan ortiq sobiq Facebook moderatorlari Meta Platforms Inc.ga qarshi jiddiy ruhiy zarar va adolatsiz mehnat amaliyotlaridan shikoyat qilib, sudga daʻʻvo kiritishdi. “Sama” va “Majorel” kabi tashqi pudrat firmalari orqali ishga olingan bu moderatorlarga qotillik, qiynoq va zoʻravonlik sahnalari kabi shafqatsiz va zoʻravon kontentni koʻrib chiqish vazifasi yuklatilgan. Ularning ishi Facebook faoliyati uchun muhim boʻlib, platforma xavfsizligi va obroʻsini saqlab qolish uchun zararli kontentni olib tashlashni taʻʻminlardi.


Biroq moderatorlar dahshatli mehnat sharoitlari, jumladan, past ish haqi, etarli boʻlmagan psixologik yordam va zaharli ish joyidan shikoyat qilishdi. Vazifalarining hissiy ogʻirligi haqida bot-bot shikoyat qilganlariga qaramay, ularning azob-uqubatlarini engillashtirish uchun deyarli hech qanday chora koʻrilmagan. Moderatorlar, shuningdek, koʻpincha oʻz tajribalari haqida gapirishlariga toʻsqinlik qiluvchi maxfiylik bitimlarini imzolashga majbur qilinganliklarini taʻʻkidlashmoqda.


Daʻʻvolarga koʻra, moderatorlar tashvish va depressiyani keltirib chiqaruvchi kontentga duchor boʻlishgan. Baʻʻzi moderatorlar qoʻrqinchli tushlar, ongini egallab olgpn har xil oʻy-fikrlar va oʻz joniga qasd qilish xayolini tasvirlab bergan boʻlsa, boshqalari ruhiy salomatligi borasida xavotir bildirganlaridan soʻng qisqa muddatda ishdan boʻshatilganini aytishgan. Bu ish texnologiya kompaniyalarining axloqiy masʻʻuliyati va ularning kam daromadli mamlakatlardagi tashqi ishchi kuchiga tayanishi borasida global munozarani keltirib chiqardi.


Soʻnggi yillarda Afrikada raqamli mustamlakachilik muammosi dolzarb masalaga aylandi. Silikon vodiysidagi texnologiya gigantlari qitʻʻa boʻylab oʻz faoliyatini kengaytirayotgan bir paytda, ularning iqtisodiy oʻsish va texnologik taraqqiyot haqidagi vaʻʻdalari koʻp hollarda qorongʻiroq haqiqatni oʻzida yashirib kelgan: ekspluatatsiya, kuzatuv va tizimli adolatsizlik. 140 dan ortiq keniyalik Facebook moderatorlariga shafqatsiz va zoʻravon kontentga doimiy ravishda duchor boʻlganidan soʻng ogʻir PTSD tashxisi (posttravmatik stressli buzilish) qoʻyilgani bu tengsizlikni yaqqol koʻrsatadi. Ushbu holat nafaqat texnologiya korporatsiyalarining ekspluatatsiya amaliyotini fosh etadi, balki raqamli mustamlakachilik imperializmning zamonaviy davomi oʻlaroq qanday ishlashini ham ochib beradi.


Raqamli mustamlakachilik


Keniyalik moderatorlar duch kelayotgan adolatsizliklar alohida hodisalar emas, balki kattaroq tarkibiy muammoning: raqamli mustamlakachilikning alomatlaridir. Meta, Google va Amazon kabi texnologiya gigantlari raqamli qamrovni kengaytirish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish niqobi ostida Afrikada oʻrnashib olgan. Biroq ularning faoliyati Gʻarb davlatlari mustamlaka hududlardan resurslar, mehnat kuchi va boyliklarni qazib olgan va ortida iqtisodiy hamda ijtimoiy vayronagarchilikni qoldirgan anʻʻanaviy mustamlakachilik amaliyotini aks ettiradi.


Texnologiya kompaniyalari Afrikaning raqamli infratuzilmasida, jumladan, dasturiy taʻʻminot, maʻʻlumotlarni saqlash va aloqa sohasida hukmronlik qilmoqda. Ular nafaqat kommunikatsiya vositalarini, balki axborot oqimini ham boshqarmoqda, bu esa raqamli makonni amalda monopollashtirishga yoʻl ochyapti. 


Facebook kabi platformalar foydalanuvchi maʻʻlumotlarini pullashtirmoqda, maqsadli reklama va bashoratli tahlil orqali ulkan foyda olmoqda. Bu jarayonda foydalanuvchilarning shaxsiy hayoti buzilyapti va afrikalik foydalanuvchilar ekspluatatsion iqtisodiy tizimda tovarga aylanib qolyapti. 


Keniyalik kontent moderatorlari texnologiya gigantlari Janubiy yarim sharda ishchi kuchini qanday ekspluatatsiya qilayotganining yorqin misolidir. Gʻarb mamlakatlaridagi hamkasblariga nisbatan ancha kam haq oladigan bu moderatorlar, etarli qoʻllab-quvvatlash yoki eʻʻtibofsiz qoldirilgan holda, Facebook obroʻsini saqlash uchun ogʻir psixologik yuk ostida ishlamoqda.


Onlayn reklamada Facebook va Google kabi platformalarning hukmronligi mahalliy ommaviy axborot vositalarini izdan chiqarmoqda, muhim reklama daromadlarini oʻziga jalb qilmoqda va mustaqil jurnalistikaning barqarorligiga putur etkazmoqda. Xuddi shuningdek, Netflix kabi oqimli xizmatlar tomoshabinlarni mahalliy televidenie va kino sanoatidan uzoqlashtirib, madaniy suverenitetga zarar etkazmoqda.


2024 yil noyabrʻ oyida Google oʻzining onlayn reklama monopoliyasining Janubiy Afrikadagi mahalliy nashriyotlarning daromad oqimlariga taʻʻsirini yumshatish uchun 6 million dollarlik fond ajratdi.


Bu ekspluatatsion tizimlar qaramlikni kuchaytirib, qashshoqlik va huquqsizlik davrini davom ettirmoqda, Afrika mamlakatlarini raqamli boylik yaratuvchilari emas, balki isteʻʻmolchilarga aylantirib qoʻyyapti. 


Isroil va Falastin masalasi


Agar global geosiyosat nuqtai nazaridan tahlil qilsak, raqamli mustamlakachilikning adolatsizligi yanada yaqqolroq koʻrinadi. Silikon vodiysining texnologiya gigantlari neytral ishtirokchilar emas. Ular Gʻarb davlatlari, ayniqsa AQShning siyosiy va harbiy maqsadlariga chuqur bogʻlangan. Bu hol, ayniqsa, ularning Isroilning sunʻʻiy intellektga asoslangan kuzatuv tizimlari va falastinliklarga qarshi harbiy operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlashdagi rolida yaqqol namoyon boʻlyapti. 


AQSh texnologiya kompaniyalari Isroil armiyasiga masjidlar, taʻʻlim muassasalari va boshqa muhim fuqarolik obʻʻektlari kabi falastin infratuzilmasini kuzatish va nishonga olish imkonini beruvchi ilgʻor sunʻʻiy intellekt tizimlari, bashoratli tahlil vositalari va bulutli hisoblash infratuzilmasini etkazib bermoqda. Bu tizimlar nafaqat harbiy operatsiyalar uchun, balki bosib olingan hududlarda norozilikni kuzatish va bostirish uchun ham qoʻllanilmoqda.


Facebook va Instagram kabi platformalar algoritmik bostirish va nohaq kontent moderatsiyasi orqali falastinliklarning ovozini tizimli ravishda oʻchirishda ayblanmoqda. Falastinlik faollar va jurnalistlar hisoblari toʻxtatilgani yoki postlari sabab koʻrsatilmay olib tashlangani haqida koʻp xabar berishadi. Shu bilan birga, falastinliklarga qarshi nafrat va zoʻravonlikka undovchi gaplar keng tarqalgan boʻlib, nazoratdan chetda qolmoqda. 


Yirik texnologiya kompaniyalarining Isroil harakatlariga sherikligini tasodifiy emas, balki strategik deb baholash kerak. Bu kompaniyalarning texnologik ustunligi AQSh geosiyosiy manfaatlariga xizmat qiladi, butun dunyo boʻylab raqamli infratuzilmalar ustidan Gʻarb nazoratini kuchaytiradi va Isroil kabi ittifoqchilarni zulm oʻtkazuvchi tuzumlarni saqlab qolishda qoʻllab-quvvatlaydi. 


Javobgarlik va adolat talab qilish 


Hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va global tartibga soluvchi organlar raqamli mustamlakachilikka asos boʻlgan tizimli muammolarni hal qilishlari lozim. 


Keniyalik kontent moderatorlarining ekspluatatsiyasi va texnologiya kompaniyalarining geosiyosiy adolatsizlikdagi ishtiroki aniq xulosa chiqarishga undaydi: yirik texnologiya kompaniyalari javobgarlikka tortilishi lozim. Hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va global tartibga soluvchi organlar raqamli mustamlakachilikka asos boʻlgan tizimli muammolarni hal qilishlari zarur. Birdamlik harakatlari, faollar, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati texnologik monopoliyalarning nazoratsiz qudratiga qarshi kurashish uchun chegaralararo hamkorlik qilishlari kerak.


Afrikaliklar xorijiy texnologik monopoliyalarga qaramlikni kamaytirish uchun oʻzlarining raqamli infratuzilmalarini qurishga sarmoya kiritishlari lozim. Bundan tashqari, xalqaro hisobdorlik mexanizmlari mavjud emas. Ekspluatatsiya amaliyoti va inson huquqlari buzilishida ishtirok etgan texnologik kompaniyalarni nazorat qilish va jazolash uchun global asoslarga shoshilinch ehtiyoj mavjud.


Keniyalik Facebook moderatorlarining ahvoli oddiy mehnat nizosidan koʻra jiddiyroq muammo. Bu raqamli mustamlakachilik tufayli vujudga kelgan keng koʻlamli adolatsizliklarning kichik bir koʻrinishidir. Afrika ishchi kuchining ekspluatatsiyasi, maʻʻlumotlarning monopollashuvi va texnologiya gigantlarining geosiyosiy zulmda ishtirok etishi, inson qadr-qimmatidan koʻra foyda va hokimiyatni ustun qoʻyadigan tizimni yaqqol namoyon etadi.


Raqamli mustamlakachilikka barham berish uchun biz global raqamli iqtisodiyotni tenglik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida qayta tasavvur qilishimiz lozim. Haqiqiy inklyuziv va adolatli raqamli kelajak qurishda keniyalik moderatorlar, falastinlik faollar va yirik texnologiya kompaniyalari imperializmidan aziyat chekkan boshqa koʻplab insonlarning ovozini eshitish va ularning muammolarini hal qilish zarur.