19.02.2025 08:00

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 31-qism)




Hasan akam «Sinoat» fakulьtetini tugatiboq, oʻziga munosib, maoshi yaxshi ishga joylashdi. Ish joyi Gʻazoning Zaytun mintaqasida edi. U erdagilar ishiga qarab maoshini yana koʻtarib berish vaъdasi bilan ishga olishdi. Uzoq yillik faqirlik va qahatchilikdan soʻng oltin davrlarimiz boshlanayotgandek edi goʻyo. Men oltinchi sinfni tugatay deb qolgandim. Amakivachcham Ibrohim ettinchi sinfga koʻchgandi. Muhammad akam esa toʻqqizinchi sinfga oʻtgan. Tahani opam oʻninchi sinfni bitirib, oʻqituvchilikka topshirgandi.

Dunyo bizga qayta kula boshladi. Aytganday, uzoq vaqt oʻtib, amakivachchamiz Hasan ham koʻrinish berdi. Ammo koʻrinishi butkul oʻzgargan. Katta kishi boʻlib ketgan. Soch-soqolini oʻstirgan, bizning urflarda kiyilmaydigan liboslarda, yahudlarning kiyinishiga oʻxshash kiyimlarda, boʻynida, qoʻlida tilla zanjirlar taqilgan, klyosh shimlarda, choʻntagida tamaki qutisi doʻmpayib koʻrinib turgan holda kirib keldi. Boshqa sayyoradan tashrif buyurgan mehmon kabi xovlimiz eshigini taqillatdi. Men chiqib, eshikni ochdim. Mutlaqo tanimabman. Barmoqlarini sochim orasiga solib, biroz qisdi va «Sen Ahmadsan-a?»  dedi. Ovozidan tanib qolib, «Hasan aka, sizmisiz?!», dedim. U «Ha-da...» deb javob berdi. Men «Ona... Mahmud aka... Hasan akam qaytibdi...» deya jar soldim. Hamma uydan otilib, hovli darvozasi tomon chiqishdi. Bungacha Hasan aka ikki-uch qadam bosib, hovliga kirib kelgandi. Hovliga chiqqanlarning barchasi Hasanni koʻrib, xuddi chaqmoq urganday qotib qolishdi. Hamma nima deyishni bilmasdi. Birinchi boʻlib Mahmud akam oʻzini qoʻlga olib, Hasan aka bilan salomlashib, quchoqlashdi. Ibrohim ham kelib koʻrishdi, soʻng Mahmud akam xonasiga boshladi. Aka-ukalar Mahmud akamning xonasiga jamlandik. Onam dasturxon tuzashga kirib ketdi. Mahmud akam Hasanni nimalar boʻlgani, nega bu ahvolga tushib qolgani haqida savolga tutib ketdi. Hasan yahudiy oʻynashi borligi, otasining korxonasida ishlayotganini, iqtisodiy ahvoli juda zoʻr ekanini, Yafada ijaraga uy olib yashayotganini aytib oʻtirardi. Tili arabchaga kelishmay qolgan ekan. Gapiryotganda ibroniy soʻzlarni aralashtirib gapiradigan boʻlib qolibdi. Shu vaqt onam dasturxon solib, choy qoʻydi. Hasan onam bilan salomlashdi:

-Kelinoyi, yaxshimisiz?

-Allohga shukr, yaxshiman!

-Muhimi, kelinoyi... Uydan ketganim yaxshilikka boʻlgan ekan. Dunyo koʻrdim. Rohat-farogʻatda yashadim. Boʻlmasam, lagerdek doʻzahda yashab yurgan boʻlardim haligacha.

-Dunyoni yahudiy qiz oʻrtogʻing bilan koʻrdingmi?

-Ha! Yahudiy boʻlsa nima qilibdi?! -dedi Hasan. Soʻng Mahmud akam suhbatga qoʻshildi:

-Xoʻp, yaxshi. Keyin-chi, Hasan?

-Keyin-peyini yoʻq. Shunchaki, sizlar bilan koʻrishib qoʻyay, deb keldim. Ibrohimni koʻrmoqchi boʻldim. Nimadir kerakmi-yoʻqmi bilay, hol-ahvol soʻray, dedim.

Shu payt Hasan choʻntagidan karmonini chiqarib, bir pachka qogʻoz pul oldi-da, koʻpginasini sanab, Ibrohimga uzatdi. Imbrohim ukasi jim oʻtirardi. Biz ham jim oʻtirdik. Keyin Hasan ukasi bilan gaplasha boshladi:

-Ushla, Ibrohim, bu pul senga. Ibrohim javob berdi:

-Yoʻq, kerakmas, rahmat. Amakimning oilasida yaxshi yashayapman. Kamchiligim yoʻq.

-Olsang-chi... Men akangman-ku...

-Siz qachon uyga qaytsangiz, oʻshanda akam boʻlasiz. Oʻsha yahudlarni tashlab, biz bilan yashamas ekansiz, aka demayman.

-Shoshma Ibrohim. Shoshilmasang-chi. Men mana shu fayzsiz lagerga kelishim oʻrniga, nega sen men bilan keta qolmaysan?

-Xudo saqlasin! Hech qachon!

-Oʻzing bilasan, - deya Hasan tirjaydi. Mahmud akam Hasan akani qaytarishga urinib, gap boshladi:

-Hasan, axir uying bor. Qachon kelsang, yashasang boʻladi. Qoʻysangchi shu yahudlar orasida yashashni. Kelsang, uyingni birgalashib taъmirlaymiz, nima deding? Keyin yaxshiroq qiz topib uylaymiz seni. Oʻzimizni Gʻazoda qiz qurib qolibdimi? Eng yaxshi qizni topib, uylaymiz. Oʻzim senga durustroq ish ham topib beraman.

Hasan bu gaplarni miyigʻida kulib tinglab oʻtirardi. Bu miyigʻida kulish barchasini rad etishining belgisi edi. Chindan ham shunday boʻldi - hamma taklifni rad etdi va iliq xayrlashib, hovlidan chiqib ketdi.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador