15.01.2025 08:56
Janubiy Koreya prezidenti hibsga olindi
Janubiy Koreyada parlament tomonidan dekabrʻ oyida harbiy holat joriy etishga urinish ayblovi bilan impichment eʻʻlon qilingan prezident Yun Suk Yol ikkinchi urinishda hibsga olindi. Prezident soʻroqqa kelishga ixtiyoriy ravishda rozilik berdi.
Bu Janubiy Koreya tarixidagi prezidentning vaqtinchalik hibsga olinishi boʻyicha ilk holatdir. Birinchi urinishda qoʻriqchilar qarshilik qilgan boʻlsa, bu safar tergovchilar Korruptsiya va yuqori mansabdor shaxslar ishlari boʻyicha tergov byurosiga Yunni olib kelishga muvaffaq boʻldi.
Yun oʻz chiqishida hibsga olishni noqonuniy deb atadi, ammo qon toʻkilmasligi uchun hokimiyatga topshirilganini maʻʻlum qildi. Shunday boʻlsa-da, u ishning noqonuniyligini taʻʻkidlab, qonunchilik va sud tizimiga ishonchsizligini bildirgan.
Prezident Yun dekabrʻ oyida parlamentga qarshi turish maqsadida harbiy holat joriy etishga urinib koʻrgan. Muxolifatdagi Demokratik partiya bu harakatni «isyonga urinish» sifatida baholab, unga impichment eʻʻlon qildi. Konstitutsiyaviy sud hali qaror chiqarmagan boʻlsa-da, Yun hozircha rasman prezident maqomini saqlab qolmoqda.
Parlamentdagi muxolifat etakchisi Pak Chang Dening soʻzlariga koʻra, Yunning hibsga olinishi adolat va demokratiyaning barqarorligini namoyon etadi.
BBC xabariga koʻra, Yunning hibsga olinishi siyosiy inqirozni hal qilmaydi, balki uni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Tergovchilarning maʻʻlum qilishicha, endi ular Yunni sud roziligini olish uchun ikki kun hibsda ushlab turishlari mumkin. Sud qaroridan keyin uni ozod qilish yoki yanada uzoq muddatga hibsda qoldirish mumkin boʻladi.
Janubiy Koreya prezidentlari orasida uchta davlat rahbari impichment jarayoniga duch kelgan. Prezident Ro Mu Xyon (2004), Pak Kin Xe (2016-2017), va Yun Suk Yol (2024).
Ro Mu Xyonning impichmenti (2004)
2004 yilda prezident Ro Mu Xyonga saylov qonunchiligini buzganlik va partiyasiz maqomini buzganlik ayblovlari bilan impichment eʻʻlon qilingan. Parlament tashabbusni maʻʻqulladi, ammo 14 may kuni Konstitutsiyaviy sud ayblovlarni bekor qilib, uni lavozimiga tikladi.
Pak Kin Xening impichmenti (2016-2017)
Prezident Pak Kin Xe 2016 yilda korruptsiya mojarosi ortidan impichmentga duch keldi. Uning yaqin maslahatchisi Choy Sun Sil bilan bogʻliq ish jamoatchilikda katta shov-shuvga sabab boʻldi. 2017 yilda Konstitutsiyaviy sud impichmentni maʻʻqulladi va Pak Kin Xe lavozimidan butunlay chetlatildi.
Yun Suk Yolning impichment jarayoni (2024)
Yun Suk Yol 2024 yilda harbiy holat joriy etishga urinish va parlamentning keskin tanqidlari fonida impichmentga duch keldi. Garchi jarayon hozircha yakunlanmagan boʻlsa-da, bu voqea uning siyosiy mavqeiga katta zarba berdi va ishonchsizlikni kuchaytirdi. Yunning ishi Janubiy Koreya tarixidagi birinchi prezidentning vaqtinchalik hibsga olinishi bilan qayd etildi.