Rossiyada haydovchi etishmayotgani sababli taksi narxlari "oʻnlab foizga" oshadi
Rossiyada migratsiya va taksi xizmatlari sohasini tartibga solishga qaratilgan qonunchilik talablari kuchaytirilishi ortidan haydovchi etishmasligi kuchayib bormoqda. Yil oxiriga kelib 130 ming nafar taksi haydovchisi kerak boʻladi. Haydovchilar etishmovchiligi taksi narxlarining “oʻnlab foizga” oshishiga sabab boʻlishi kutilmoqda.
Rossiyada yil oxiriga kelib taksi haydovchilari etishmovchiligi 130 ming
nafardan ortishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, taksi xizmatlari narxining jadallik
bilan oʻsishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Rossiyada taksi xizmatlarini koʻrsatuvchi
eng yirik – Yandex Go kompaniyasining davlat idoralari bilan oʻzaro aloqalar
boʻyicha direktori Anton Petrakov maʻʻlum qildi.
“Narxlar koʻtariladi va yildan-yilga oʻnlab foizga farq qiladi. Agar bu
muammo hal etilmasa, unisi ham hal boʻlmaydi”, — dedi Petrakov Sharqiy iqtisodiy
forum (VEF) sessiyasidagi nutqida.
Petrakovning soʻzlariga koʻra, kadrlar etishmasligi migratsiya va taksi
sohasini tartibga solishga qaratilgan qonunchilikning kuchaytirilishi bilan bogʻliq.
Haydovchilar ish haqi teng, ammo talablari unchalik qattiq boʻlmagan va xarajatlar
past boʻlgan boshqa sohalarga oʻtishga majbur boʻlmoqdalar, deya qoʻshimcha qildi u.
Kadrlar taqchilligini hal qilish uchun Yandex Go hukumat bilan baʻʻzi
talablarni soddalashtirishni nazarda tutuvchi eksperimental huquqiy rejimni
muhokama qilmoqda, dedi Petrakov.
Avvalroq Rossiyada taksi haydovchilarining qariyb 75 foizi tashuvchining
fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish polisini (OSGOP) ololmagani
uchun 1 sentyabrdan ishlash huquqidan mahrum boʻlgani haqida xabar berilgan edi.