Ijtimoiy tarmoqlarda Falastinni qoʻllab-quvvatlayotgan ijodkorlarning butun dunyo boʻylab koʻrgazmalari bekor qilinmoqda. Jahonga mashhur xitoylik Ay Veyveyning koʻrgazmasi aynan shu sabab bekor qilingani katta shov-shuvlarga sabab boʻldi.

“Yahudiy xalqini taʻʻqib qilish bilan bogʻliq [Gʻarb davlatlarining] aybdorlik hissi baʻʻzan arab dunyosi hisobiga yuvilayotgandek”, — deb yozdi Ay Veyvey X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.

“Moliyaviy, madaniy va ommaviy axborot vositalari nuqtai nazaridan yahudiy jamiyati AQSh sezilarli taʻʻsirga ega. Vashingtonning Isroilga yiliga 3 milliard dollarlik yordam paketi bir necha oʻn yillar davomida AQSh kiritgan eng qimmat sarmoyalardan biri sifatida eʻʻtirof etib kelinmoqda”, - deya qayd etdi ijodkor.

Tanqidchilar, jumladan nufuzli yahudiy tashkilotlari bu postni «antisemitizm» deb hisobladi. Londondagi Lison galereyasi xitoylik rassomning asarlari koʻrgazmasini ochilishi arafasida bekor qildi. Uning ortidan Nʻyu-York, Parij va Berlindagi galereyalar ham shunday qarorga keldi.

Ayning tviti atrofidagi bahslar Isroil-Falastin urushi boshlanganidan buyon sanʻʻat va koʻngilochar sohalarni larzaga keltirgan koʻplab mojarolardan biridir. Sanʻʻat olamidagi norozilik, ayniqsa, Falastin manfaatlari himoyachilari, jumladan, Isroilning Gʻazoni bombardimon qilganini tanqid ostiga olgan yahudiy rassomlarga nisbatan qattiq boʻldi.

Dunyoga mashhur koʻplab galereyalar ijodkorlarning Isroil-Falastin masalasidagi pozitsiyalari tufayli koʻrgazmalarni, taqdirlash marosimlarini va rassomlar bilan boʻlajak shartnoma muzokaralarini bekor qilmoqda. Galereyachilarning aytishicha, kollektsionerlar hatto rassomlarning siyosiy qarashlarini tekshirib, Isroilni tanqid qilgani uchun asarlarini koʻrgazmalardan olib tashlashni talab qilmoqda.

Nufuzli “Artforum” jurnali Gʻazo sektorida zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, shuningdek, falastinliklarni ozod qilishga chaqirgan “Sanʻʻat hamjamiyatidan madaniyat tashkilotlariga ochiq xat”ni qayta nashr etdi.

Buning ortidan jurnal muharriri Devid Velasko ishdan boʻshatildi, jurnal noshiri Jey Penske esa uning xatti-harakatlari tahririyat jarayoniga "mos kelmasligini" aytdi.

Shundan soʻng yuzlab rassom va mualliflar jurnalni boykot qilishdi. Dekabrʻ oyidagi nashrda Penske Velaskoning ketishi "notoʻgʻri talqin qilingan"idan afsusda ekanini bildirdi.

Christie’s auktsion uyi livanlik rassom Ayman Baalbakining ikkita rasmini olib tashladi: biri Falastin oʻziga xosligi ramzi sifatida koʻriladigan qizil va oq keffiya kiygan odam tasvirlangan. Frankfurt kitob koʻrgazmasida falastinlik yozuvchi Adanya Shibli sharafiga oʻtkazilgan taqdirlash marosimini ham tashkilotchilar “Isroildagi urush” bahonasida bekor qildi.

Evropa huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi (ELSC) 7 oktyabrdan beri sanʻʻatkorlarga qarshi “repressiv voqealar portlashi” sodir boʻlganini bildirdi.

ELSC vakili Elis Gartsiya baʻʻzi tadbirlar “juda taʻʻsirchanligi yoki Isroilga qarshi qaratilgan” deb topilgani uchun bekor qilingan. Uning soʻzlariga koʻra, bunday holatlarning aksariyati Germaniyada kuzatilmoqda.

Mavzuga aloqador