Isroil armiyasi yaqin haftalarda Gʻazo sektoriga quruqlikdagi hujumlarini toʻxtatishga tayyorlanayotgani bildirildi.

“Operatsion muvaffaqiyatlarga koʻra, Isroil armiyasi yaqin haftalarda Gʻazodagi mojaroning uchinchi bosqichiga kirishga hozirlik koʻrmoqda”, — deya xabar berdi Isroilning KAN davlat televideniesi ismini oshkor qilmagan manbalariga tayanib.

Isroil rasmiylari “Uchinchi bosqich Gʻazo sektoridagi quruqlikdagi manevrni toʻxtatish, kuchlarni qisqartirish, zaxira kuchlarni demobilizatsiya qilish, havo hujumlariga oʻtish hamda Isroil va Gʻazo sektori chegarasida bufer zona yaratishni oʻz ichiga oladi”, - dedi.

Xabarda, shuningdek, Isroil armiyasi "Gʻazo sektori shimolidagi hududning katta qismini nazorat ostiga olgani, ammo janubiy mintaqada olgʻa siljishda katta qiyinchiliklarga duch kelayotgani" ham taʻʻkidlandi.

Avvalroq Isroilning “13-kanal” televideniesi Isroil armiyasi ichidagi «elita» piyoda askar brigadalaridan biri boʻlgan Golani harbiylari "saflarini qayta tashkil qilish va jonlantirish" uchun Gʻazoni tark etgani haqida xabar bergan edi.

Walla sayti esa "70 kundan ortiq vaqt oʻtkazgan va 44 askarini yoʻqotgan Golani brigadasi askarlarning oilalarini ziyorat qilish uchun bir necha kunga Gʻazoni tark etgani"ni qayd etdi.

Isroil armiyasi Gʻazo sektoriga hujumlar boshlangan 7 oktyabrdan beri 472 nafar askari halok boʻlgani, ulardan 139 nafari quruqlikdagi hujumlarda oʻlganini rasman tan olgan.

Shuningdek, Gʻazo sektorida quruqlikdan hujumlar boshlangan 27 oktyabrdan beri 784 zobit va askar yaralangan. Ulardan 179 nafari ogʻir, 302 nafari oʻrtacha, 303 nafari engil jarohat olgan.

 

Mavzuga aloqador