Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik va qirgʻinbarot urushini boshlaganiga 210 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar.

▪️ Bosqinchilar Rafah, Gʻazo shimolidagi Zaytun hududi, Burij va Nuseyrat lagerlariga hujum qildi. Kun davomida 28 kishi shahid boʻldi, 51 kishi yaralandi. Urush boshlanganidan buyon 34 596 kishi halok boʻldi, 77 816 kishi jarohatlandi.

▪️ Gʻarbiy Sohilda bosqinchilar Xalil, Tulkarm, Jenin, Qalqilya va Nablusga bostirib kirishdi. Nablusda bosqinchilar 14 yoshli bolaning koʻkragiga oʻq uzdi.

▪️ Xon Yunus shahridagi Isroil armiyasi hujumlari tufayli faoliyatini toʻxtatgan Al-Amal kasalxonasi qayta ish boshladi.

▪️ Al-Qassam va Al-Quds brigadalari: Gʻazo janubi-gʻarbidagi Shayx Ajlin hududidagi ishgʻolchilar guruhlarini minomyotlardan oʻqqa tutdik, shuningdek, Nitsarim oʻqi boʻylab ham zarba berdik.

▪️ YuNESKO Matbuot erkinligi uchun jurnalistika mukofotini Gʻazodagi 2024 nafar falastinlik jurnalistga topshirdi.

▪️ “Axios”: AQSh Senati aʻʻzolari Xalqaro jinoiy sudning yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Aʻʻzolar Isroil rasmiylarini hibsga olishga order berish ehtimolidan xavotir bildirdi.

▪️ Isroil harbiy uchoqlari tunda Suriya poytaxti Damashqning bir qancha hududlariga aviazarbalar berdi. Poytaxt yaqinidagi Suriya xavfsizlik kuchlari binosiga berilgan zarba natijasida eng kamida sakkiz nafar suriyalik askar jarohatlandi.

▪️ Turkiya payshanba kuni Isroil bilan barcha savdo aloqalarini – import va eksportni butunlay toʻxtatdi.

▪️ Bloomberg: Endilikda Saudiya Arabistonida ijtimoiy tarmoqlarda Isroilga qarshi mulohaza qoldirgan fuqarolar hibsga olinadi. Mamlakatda Internet orqali Isroilning Gʻazo sektoridagi urushini qoralaganlarga qarshi bosimlar boshlangan.

▪️ Meksika Milliy avtonom universiteti (UNAM), Valinsiya (Ispaniya), Nʻyukasl (Angliya), Toronto, Monreal (Kanada), Sarbonna (Frantsiya), Beyrut (Livan), Sidney (Avstraliya) va boshqa universitetlarda talabalarning Isroilning Gʻazodagi urushiga qarshi namoyishlari davom etmoqda.

Mavzuga aloqador