Qariyb ikki yildan buyon urush davom etayotgan Ukrainada oʻzbekistonliklar yangi kompaniya tashkil etganlar orasida turklardan keyin ikkinchi boʻldi. 2022 yil martidan buyon oʻzbek tadbirkorlari 312 ta kompaniyaga asos soldi. Turklar – 396 ta. Shuningdek, Ukraina poytaxtida eng koʻp Oʻzbekiston fuqarolari tadbirkorlik faoliyatini tashkil etgan – 175 ta kompaniya.

2022 yil mart oyidan beri Ukrainada 101 mamlakatdan kelgan xorijliklar 3075 ta kompaniyaga asos soldi. Bu haqda Ukrainaning “Opendatabot” ochiq maʻʻlumotlar portalida soʻz boradi.

Urush davom etayotganiga qaramasdan, Ukrainada eng koʻp turk tadbirkorlari tomonidan kompaniyalar tashkil etilgan. Ular shu davrda ochilgan 396 ta kompaniyaga toʻliq yoki qisman egalik qilib kelmoqda. Bu yangi xorijiy tadbirkorlik subʻʻektlarining umumiy sonining 12,9 foizini tashkil etadi.

Oʻzbekistonliklar esa 312 ta kompaniya (jami koʻrsatkichning 10,1 foizi) bilan ikkinchi oʻrinda. Polʻsha fuqarolari kuchli uchlikni yopdi – 224 ta korxona yoki 7,3%.

Shuningdek, kuchli oʻntalikka AQSh, Qozogʻiston, Germaniya, Ozarbayjon, Isroil, Britaniya va Xitoy fuqarolari kirgan.

Bundan tashqari, mulkdorlari xorijliklar boʻlgan kompaniyalarning qariyb yarmi poytaxt Kievda roʻyxatga olingan – 1517 ta. Ukraina poytaxtida eng koʻp Oʻzbekiston fuqarolari tadbirkorlik faoliyatini tashkil etgan – 175 ta kompaniya.

Keyingi oʻrinda Lʻvov viloyati - 460 ta korxona: ushbu hududga eng koʻp Polʻshadan kelgan chet elliklar joylashgan (105 kompaniya). Odessa viloyati ham kuchli uchlikka kirdi - 273 ta kompaniya. Ushbu mintaqada kompaniyalarni koʻpincha Turkiya fuqarolari tashkil qilgan - 99 ta korxona.

Xorijiy mulkdorlarga ega kompaniyalarning eng katta qismi ulgurji savdo bilan shugʻullanadi - 30,7 foiz, koʻchmas mulk bilan operatsiyalar - 6,7 foiz va kompʻyuter dasturlash - 5,8 foiz.

Mavzuga aloqador