Rossiyada migratsiya va taksi xizmatlari sohasini tartibga solishga qaratilgan qonunchilik talablari kuchaytirilishi ortidan haydovchi etishmasligi kuchayib bormoqda. Yil oxiriga kelib 130 ming nafar taksi haydovchisi kerak boʻladi. Haydovchilar etishmovchiligi taksi narxlarining “oʻnlab foizga” oshishiga sabab boʻlishi kutilmoqda.

Rossiyada yil oxiriga kelib taksi haydovchilari etishmovchiligi 130 ming nafardan ortishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, taksi xizmatlari narxining jadallik bilan oʻsishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Rossiyada taksi xizmatlarini koʻrsatuvchi eng yirik – Yandex Go kompaniyasining davlat idoralari bilan oʻzaro aloqalar boʻyicha direktori Anton Petrakov maʻʻlum qildi.

“Narxlar koʻtariladi va yildan-yilga oʻnlab foizga farq qiladi. Agar bu muammo hal etilmasa, unisi ham hal boʻlmaydi”, — dedi Petrakov Sharqiy iqtisodiy forum (VEF) sessiyasidagi nutqida.

Petrakovning soʻzlariga koʻra, kadrlar etishmasligi migratsiya va taksi sohasini tartibga solishga qaratilgan qonunchilikning kuchaytirilishi bilan bogʻliq. Haydovchilar ish haqi teng, ammo talablari unchalik qattiq boʻlmagan va xarajatlar past boʻlgan boshqa sohalarga oʻtishga majbur boʻlmoqdalar, deya qoʻshimcha qildi u.

Kadrlar taqchilligini hal qilish uchun Yandex Go hukumat bilan baʻʻzi talablarni soddalashtirishni nazarda tutuvchi eksperimental huquqiy rejimni muhokama qilmoqda, dedi Petrakov.

Avvalroq Rossiyada taksi haydovchilarining qariyb 75 foizi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish polisini (OSGOP) ololmagani uchun 1 sentyabrdan ishlash huquqidan mahrum boʻlgani haqida xabar berilgan edi.

 

Mavzuga aloqador