Isroil matbuoti: Tel-Aviv Gʻazoga quruqlikdagi hujumlarni toʻxtatishga tayyorlanmoqda
Isroil armiyasi yaqin haftalarda Gʻazo sektoriga quruqlikdagi hujumlarini toʻxtatishga tayyorlanayotgani bildirildi.
“Operatsion
muvaffaqiyatlarga koʻra, Isroil armiyasi yaqin haftalarda Gʻazodagi mojaroning
uchinchi bosqichiga kirishga hozirlik koʻrmoqda”, — deya xabar berdi Isroilning KAN
davlat televideniesi ismini oshkor qilmagan manbalariga tayanib.
Isroil
rasmiylari “Uchinchi bosqich Gʻazo sektoridagi quruqlikdagi manevrni toʻxtatish,
kuchlarni qisqartirish, zaxira kuchlarni demobilizatsiya qilish, havo hujumlariga
oʻtish hamda Isroil va Gʻazo sektori chegarasida bufer zona yaratishni oʻz ichiga
oladi”, - dedi.
Xabarda, shuningdek, Isroil armiyasi "Gʻazo sektori
shimolidagi hududning katta qismini nazorat ostiga olgani, ammo janubiy
mintaqada olgʻa siljishda katta qiyinchiliklarga duch kelayotgani" ham taʻʻkidlandi.
Avvalroq
Isroilning “13-kanal” televideniesi Isroil armiyasi ichidagi «elita» piyoda askar
brigadalaridan biri boʻlgan Golani harbiylari "saflarini qayta tashkil qilish
va jonlantirish" uchun Gʻazoni tark etgani haqida xabar bergan edi.
Walla sayti
esa "70 kundan ortiq vaqt oʻtkazgan va 44 askarini yoʻqotgan Golani brigadasi
askarlarning oilalarini ziyorat qilish uchun bir necha kunga Gʻazoni tark
etgani"ni qayd etdi.
Isroil
armiyasi Gʻazo sektoriga hujumlar boshlangan 7 oktyabrdan beri 472 nafar askari
halok boʻlgani, ulardan 139 nafari quruqlikdagi hujumlarda oʻlganini rasman tan
olgan.
Shuningdek,
Gʻazo sektorida quruqlikdan hujumlar boshlangan 27 oktyabrdan beri 784 zobit va
askar yaralangan. Ulardan 179 nafari ogʻir, 302 nafari oʻrtacha, 303 nafari engil
jarohat olgan.