Bangladesh, Misr, Indoneziya, Eron, Malayziya, Nigeriya, Pokiston va Turkiyani birlashtirgan “Islom sakkizligi” (D-8) tashkilotining yagona pul birligini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, D-8 ga aʻʻzo davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga borib hozirgi 146 mlrd dollardan 500 mlrd dollarga oshirishga qaror qilindi.

Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina musulmon davlatlari savdo operatsiyalarini osonlashtirish uchun Evropa Ittifoqi evro kabi umumiy valyutani joriy etishni taklif qildi. Bu haqda u Bangladesh, Misr, Indoneziya, Eron, Malayziya, Nigeriya, Pokiston va Turkiyani birlashtirgan sakkizlik (D-8) mamlakatlari Islom guruhi yigʻilishida maʻʻlum qildi, deya xabar bermoqda Business Standard nashri.

“D-8 dunyoning sakkiz musulmon davlati ishtirokida oʻzaro savdo-sotiqni kengaytirish, shuningdek, ushbu mamlakatlar aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun doʻstlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Oʻrtamizdagi savdo-sotiqni osonlashtirish uchun Evropa Ittifoqi singari umumiy valyutani joriy qilsak, juda yaxshi boʻlardi”, - dedi Hasina D-8 savdo vazirlari delegatsiyasi bilan uchrashuvda.

Yigʻilishning asosiy kun tartibi D-8ga aʻʻzo davlatlar oʻrtasida imtiyozli savdo kelishuvlarini amalga oshirish va ularning samaradorligini kengaytirishdan iborat boʻldi. Shu munosabat bilan Vazirlar kengashi yigʻilishida Dakka deklaratsiyasi qabul qilindi, unda D-8 mamlakatlari oʻrtasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama savdoni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi

“Men oddiy odamlarning ahvoli va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yaxshilashga intilaman. Bu faqat oʻrtamizdagi savdo va savdoni kengaytira olsakkina roʻyobga chiqishi mumkin. D-8 davlatlari savdo-sotiq sohasida bir oila boʻlib hamkorlik qilishi va bir-biriga texnik yordam koʻrsatishi kerak”, - dedi bosh vazir.

Nashrning yozishicha, delegatsiya yigʻilishda D-8ga aʻʻzo davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga borib hozirgi 146 mlrd dollardan 500 mlrd dollarga oshirishga qaror qilinganini bildirildi.

“Islom sakkizligi” 1997 yil 15 iyunda Turkiyaning sobiq bosh vaziri Najmiddin Erbaqon tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Mavzuga aloqador