Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotgan Hindiston fuqarolari ishdan boʻshatiladi va oʻz vatanlariga qaytariladi. Bu haqda Hindistonning NDTV telekanali manbalarga tayanib xabar berdi.
Telekanalning maʻʻlum qilishicha, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 8—9 iyulʻ kunlari Moskvaga tashrifi chogʻida prezident Vladimir Putin bilan suhbatda bu masalani koʻtargan.
Qayd etilishicha, ayni paytlar agentlar tomonidan yuqori lavozimli ishlarga taklif qilish orqali urushga joʻnatilgan yigirmaga yaqin hindistonlik jang jabxalarida qolmoqda.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vinay Kvatraning aytishicha, 30 dan 40 nafargacha hindistonlik Rossiya qurolli kuchlari safiga jalb qilingan boʻlishi mumkin, ulardan oʻn nafari allaqachon vataniga qaytgan. Ukrainadagi urushda ikki nafar hindistonlik askar halok boʻlgan, ularning jasadlari jang maydonida qolgan.
2024 yil fevralʻ oyida Hindiston hukumati Rossiya armiyasida jang qilayotgan 20 ga yaqin fuqarolarini vatanga olib kelishga harakat qilishayotganini bildirgandi. AFP maʻʻlumotlariga koʻra, ulardan baʻʻzilari Rossiyada "armiya yordamchilari" boʻlib qolishi mumkin edi. Nashrning yozishicha, bir necha hind fuqarolaridan vayron boʻlgan binolarni demontaj qilish soʻralgan, biroq etib kelganida ularga “qurol berilgan”.
Mart oyida Hindistonning etti nafar fuqarosi videomurojaat yoʻllab, Ukrainaga qarshi urushishga aldab olib borilganlarini aytishgandi.
May oyida Hindiston Markaziy Tergov byurosi yosh yigitlarni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlangan va Ukrainadagi urushga joʻnatgan yirik odam savdosi guruhining bir qismi boʻlganlikda gumon qilingan toʻrt kishini hibsga oldi. Hibsga olinganlarning ikki nafari Hindistonning janubiy shtatlarida ishga yollash bilan shugʻullangan, shuningdek, yollashga yordam berganlikda gumon qilingan tarjimon va viza agenti ham hibsga olingan.
CBI maʻʻlumotlariga koʻra, tarmoq faoliyati davomida kamida 35 kishi ishga olingan. Jinoyatchilar jabrlanganlarga ish topish yoki xususiy oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishda yordam berish bahonasi bilan Rossiyaga borishni taklif qilgan. Ishga qabul qilish ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy kompaniyalar, jumladan, sayyohlik agentliklari orqali amalga oshirilgan.

Mavzuga aloqador