Bangladeshning sobiq bosh vaziri Shayx Hasinaga nisbatan Dakkada yashovchi fuqaroning oʻlimi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Dhaka Tribune nashri xabar berdi.

Janubiy Osiyo respublikasining sobiq hukumat rahbari 19 iyulʻ kuni Dakkaning Muhammadpur tumanida bandlik kvotasiga qarshi namoyishlar chogʻida otib oʻldirilgan oziq-ovqat doʻkoni egasi Abu Sayidni oʻldirishda ayblanmoqda. Nashrning qayd etishicha, Sayid politsiya tomonidan otishma natijasida vafot etgan. Dakka sudiga Muhammadpurda istiqomat qiluvchi Amir Shatil nomidan mahalliy tadbirkorning oʻldirilishi boʻyicha daʻʻvo arizasi berildi.

Ishda Shayx Hasinadan tashqari boshqa ayblanuvchilar hukmron Avami ligasi partiyasi sobiq bosh kotibi Obaydul Kuader, sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamol, politsiya sobiq bosh inspektori Choudxuri Abdulla Al Mamun va boshqa yuqori martabali politsiya xodimlari ham bor.

Bangladesh Jinoyat kodeksiga koʻra, qotillik uchun eng ogʻir jazo umrbod qamoq yoki oʻlim jazosini oʻz ichiga oladi.

Eslatib oʻtamiz, 5 avgust kuni Shayx Hasina isteʻʻfoga chiqib, mamlakatni tark etdi. Unga va uning hukumatiga qarshi namoyishlar iyulʻ oyi boshida mustaqillik uchun kurashganlarning oilalariga davlat xizmatiga ishga olish uchun kvota ajratish toʻgʻrisidagi qarori ortidan boshlanib ketgan edi. Ushbu namoyishlarda 600 ga yaqin fuqaro halok boʻldi, 11 mingdan ziyod namoyishchilar qamoqqa olindi.

Hozirda respublikada Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus boshchiligidagi muvaqqat hukumat tuzilgan. U 8 avgust kuni qasamyod keltirdi.

Mavzuga aloqador