Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) RF tarkibidagi Adigeya Respublikasining Maykop shahrida joylashgan pravoslav cherkoviga Markaziy Osiyo davlatlaridan birining fuqarosi hujum uyushtirishni rejalashtirganini maʻʻlum qildi. Uning hujum rejasini ishlab chiqqani, hududda razvedka ishlarini olib borgani va zarur jihozlarni sotib olib, qoʻlbola yondiruvchi moslama yasagani maʻʻlum qilindi.

Rossiya Federatsiyasi FSB Adigeya Respublikasining Maykop shahridagi pravoslav cherkovida sodir etilgan teraktning oldini olish haqida xabar berdi.

Rossiya departamenti teraktni Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlaridan birida tugʻilgan shaxs amalga oshirishga tayyorlaganini qayd etdi.

“Terrorchi Maykop shahridagi diniy muassasaga (pravoslav cherkovi) hujum uyushtirish hamda uning ruhoniylari va soqchilarini oʻldirish bilan birga, binoga oʻt qoʻyishni rejalashtirgan, hududda razvedka ishlari olib borgan, hujum rejasini tuzgan, zarur komponentlarni sotib olgan va qoʻlbola yondiruvchi vositani yasagan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, teraktdan keyin jangari xorijda yashirinishni rejalashtirgan.

Taʻʻkidlash joizki, Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan soʻnggi vaqtlarda Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlaridan oʻz gʻarazli maqsadlarida foydalanish (xususan, Ukrainadagi urushga jalb qilish uchun majburlovchi choralar koʻrish), shuningdek, ularni yomonotliq qilish, mamlakatda ksenofobiya va millatchilik kayfiyatini kuchaytirish borasidagi harakatlarini faollashtirgan. Bu kabi xabarlarning haqiqatga qay darajada yaqinligi maʻʻlum emas. Shunday ekan, ayni paytda Rossiya hududida ishlab yurgan va yaqin vaqtlar ichida ushbu davlatga borishni rejalashtirgan yurtdoshlarimizga mavjud vaziyatni hisobga olgan holda barcha ehtiyot choralarini koʻrish, imkon qadar safarini bekor qilib, boshqa muqobil rejalarni ishlab chiqishlarini tavsiya qilamiz.

Mavzuga aloqador