AQSh Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam koʻrsatishni oʻz ichiga olgan hamda har biri alohida ovoz berish orqali koʻrib chiqiladigan reja loyihasini taqdim etdi. Ushbu rejaning Ukraina qismida yordam grantlar koʻrinishida emas, balki kredit shaklida taqdim etilishi koʻzda tutilgan.
AQSh Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam ajratish, shuningdek, "milliy xavfsizlikning ustuvor masalalarini" oʻz ichiga olgan reja loyihasini eʻʻlon qildi. Ushbu reja loyihasi toʻrtta alohida ovoz berishlar orqali koʻrib chiqiladi. 
Rejaning Ukraina qismida yordam grantlar koʻrinishida emas, balki kredit shaklida taqdim etiladi, deya xabar bermoqda The Hill.
Mayk Jonson oʻz taklifini Respublikachilar partiyasining yopiq anjumanida taqdim etdi. Uchrashuv bir necha oylik kechikishlar va munozaralardan soʻng dushanba kuni Kapitoliy ertoʻlasida boʻlib oʻtgan.  
Ayrim konservativ qonunchilar rejada Ukrainaga qoʻshimcha yordam koʻrsatish sharti sifatida AQShning Meksika bilan chegarasidagi xavfsizlikni yaxshilash nazarda tutilmaganidan shikoyat qilmoqda.
Barcha jihatlarni bitta paketga jamlagan 95 milliard dollarlik tashqi yordam toʻgʻrisidagi qonun loyihasini taklif qilgan Senat yondashuvidan farqli oʻlaroq, Jonson har bir sohada alohida ovoz berish gʻoyasini ilgari surdi: Ukraina, Isroil, Tayvan va milliy xavfsizlik ustuvorliklari.
Milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi toʻrtinchi qonun loyihasi Ukrainaga yordamni moliyalashtirishga innovatsion yondashuvlarni oʻz ichiga oladi. U musodara qilingan Rossiya aktivlaridan yordamni toʻlash uchun foydalanishga chaqiradi, shuningdek, ushbu yordamning bir qismini kreditlar shaklida taqdim etishni taklif qiladi.  
Bundan tashqari, qonun loyihasiga Isroilga qarshi soʻnggi hujumlarga javoban Eronga qarshi yangi sanktsiyalar ham kiritilgan.

Mavzuga aloqador