Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasidagi «Qorasuv» chegara posti 14 yildan soʻng qayta ochildi
Andijon viloyatidagi Qirgʻiziston bilan chegaradosh «Qorasuv» chegara bojxona posti 14 yildan soʻng qayta ochildi. Postdan kuniga 12 mingdan ortiq kishi oʻtib-qaytishi mumkin. Namangan viloyatida «Uchqoʻrgʻon» nazorat-oʻtkazish punkti ham ochiladi.
12 sentyabrʻ kuni Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidagi
«Qorasuv» chegara bojxona posti tantanali ravishda ochildi, deya xabar bermoqda
Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.
Taʻʻkidlanishicha,
Qoʻrgʻontepa tumanining Qorasuv shahrida joylashgan «Qorasuv» va Oʻsh viloyatining
«Korasuu» oʻtkazish punkti 14 yil avval yopilgan. Ularning faoliyatini qayta tiklash
ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi kelishuvga asosan amalga oshirilgan.
«Qorasuv» chegara bojxona posti 3 gektardan ziyod maydonga ega
boʻlib, undan kuniga 12 ming nafardan ziyod fuqarolar oʻtib-qaytishlari mumkin.
Post orqali yoʻlovchilar asosan yopiq inshootlar boʻylab harakatlanishadi.
«Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyatidan Jalolobod
viloyatiga oʻtish uchun shu vaqtga qadar 120 km masofa bosib oʻtilgan boʻlsa, endi
ushbu masofa 101 kilometrga qisqarib, Oʻzbekiston hududi boʻylab tranzit tarzida
atigi 19 km harakatlanish kifoya», — deyiladi qoʻmita xabarida.
Shu kuni Namangan viloyatida «Uchqoʻrgʻon» nazorat-oʻtkazish punkti
ham ochiladi.
2010 yilning mart oyida Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati
Aravon tumani va OʻZbekistonning
Andijon viloyati Marhamat tumanini bogʻlovchi yirik «Qorasuv-Avtodorojniy»
oʻtkazish punkti bir tomonlama yopib qoʻyilgandi.