Afgʻonistonlik 160 nafar ayol Oʻzbekistondagi tibbiyot oliygohlarida oʻqitiladi. Oliy taʻʻlim vazirligi va Qatarning Education above all fondi oʻrtasida bu borada memorandum imzolandi. Loyiha asosan Qatar tomonidan moliyalashtiriladi.

9 sentyabrʻ kuni Doha shahrida Oʻzbekiston Oliy taʻʻlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatarning «Taʻʻlim har narsadan ustun» (Education above all) fondi oʻrtasida afgʻon ayollarini Oʻzbekistonda oʻqitishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afgʻon ayolini Oʻzbekiston oliy taʻʻlim muassasalarida tibbiyot yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitishi rejalashtirilgan. Oʻquv dasturlari oʻzbek tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib boriladi.

Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni qoplaydi. Xususan, fond afgʻon ayollarini oʻqitish, turar joy bilan taʻʻminlash va boshqa zarur xarajatlar uchun 2,2 mln dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratadi.

«Dastur ayollarning kasbiy koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan birga, ularning oʻz vatanidagi tibbiyot sohasiga qoʻshayotgan hissasini kuchaytirishga ham katta taʻʻsir koʻrsatadi. Memorandumning imzolanishi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro taʻʻlim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi», — deyiladi xabarda.

Vazirlikning taʻʻkidlashicha, mazkur kelishuv nafaqat Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Afgʻonistondagi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning taʻʻlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda oʻziga ishonadigan tibbiyot mutaxassislari etishib chiqishiga imkon yaratadi.

Mavzuga aloqador