Boysundagi «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konidan vodorod sulʻfid (oltingugurt gazi) sizib chiqishi qaytadan boshlandi. 4 kishi halok boʻlgani aytilmoqda (rasmiy manbalarda – 2 kishi), jarohatlanganlar ham bor.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» (M-25) gaz konida 17 sentyabrʻ kuni tushdan keyin yana vodorod sulʻfid sizib chiqishi yuz berdi.

18 sentyabrʻ kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida esa Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Oʻtaev holat oqibatida 2 nafar shaxs vafot etganini maʻʻlum qildi.

«Haqiqatan, kecha siz aytgan oʻsha noxush holat boʻyicha, 2 nafar oʻlgani boʻyicha, voqea joyiga viloyat prokurorining oʻzi chiqqan. Hozirda tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — dedi prokuratura vakili. U vafot etganlardan tashqari, jarohatlangan fuqarolar ham borligini qoʻshimcha qildi.

«Oʻlim holati boʻlgan. Ikki nafar shaxs oʻlgani toʻgʻrisidagi holat bor. Yana tan jarohati olingan holatlar ham bor. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda. Natijasi boʻyicha sizlarga maʻʻlumot beriladi», — dedi Bosh prokuratura xodimi.

Gazeta.uz’ning hududdagi manbalariga tayanib xabar berishicha, hodisa oqibatida kamida 4 kishi vafot etgan va jarohatlanganlar ham bor.

Eslatib oʻtamiz, 1 sentyabrʻ kuni Surxondaryoning Boysun tumani Koʻlqamish mahallasi hududida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» koniga qarashli 604-son quduqda burgʻilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulʻfid) gazi chiqishi boshlangan edi.

2 sentyabrga oʻtar kechasi FVV quduq yaqinidagi aholi evakuatsiya qilingani, vaziyat toʻliq nazoratga olingani, vahimaga oʻrin yoʻqligini bildirdi. Prezident topshirigʻiga asosan voqea joyiga bir guruh masʻʻullar, xususan, bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov etib bordi.

 

Mavzuga aloqador