AQShning oliy harbiy rahbariyati uchun 13 milliard dollarga yangi “qiyomat samolyoti” buyurtma qilindi. Boeing E-4 Nightwatch samolyotidan AQSh qoʻmondonligi strategik va strategik boʻlmagan qurollar bilan aloqa oʻrnatishi mumkin.

AQSh harbiy-havo kuchlari “Qiyomat kuni samolyoti” deb nomlanuvchi Boeing E-4 Nightwatch oʻrnini bosuvchi yangi samolyot yaratish boʻyicha 13 milliard dollarlik shartnoma imzoladi, deya xabar bermoqda TASS Reuters agentligiga tayanib.

Agentlik maʻʻlumotlariga koʻra, tenderda Sierra Nevada Corporation samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyasi gʻalaba qozongan. Ushbu kompaniya A-29 Super Tucano va RAPCON-X singari hujum hamda razvedka samolyotlarini ishlab chiqaradi.

Yangi "qiyomat samolyoti"ning qurol-yarogʻ tizimi harbiy talablarga javob berish uchun kuchaytirilgan va zamonaviylashtirilgan tijoriy reaktiv samolyotdan iborat boʻladi. Loyihani 2036 yilda yakunlash moʻljallangan. Havo-desant amaliyotlarini boshqarish markazi esa Kolorado, Nevada va Ogayo shtatlarida faoliyat olib boradi.

Eski “qiyomat samolyoti” hisoblangan Boeing E-4 Nightwatch havoda yoqilgʻi quyilgan taqdirda, osmonda bir haftagacha parvoz qila oladi. Bortdagi barcha jihozlar yadroviy portlashning zararli omillaridan himoyalangan. Ushbu samolyot yordamida AQSh qoʻmondonligi strategik va strategik boʻlmagan qurollar bilan aloqa oʻrnatishi mumkin. E-4 Nightwatch70-yillardagi Boeing 747-200 samolyotining modernizatsiya qilingan shakli boʻlib, 2030-yillarga borib eskirgan deb hisoblanadi.

Hozirda AQSh harbiy-havo kuchlarida toʻrtta shunday samolyot bor. Ular Mudofaa vaziri va boshqa yuqori martabali harbiy amaldorlar ixtiyorida, lekin Oq uy rahbari ham foydalanishi mumkin. Samolyotlardan biri favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, ayniqsa, dushman tomonidan yadro qurolidan foydalanilganda doimiy shay holatga keltiriladi.

Mavzuga aloqador