2023 yil urushlar boʻyicha rekord yil boʻldi: dunyoda 183 ta mintaqaviy mojarolar qayd etilgan. Bu 1993 yildan beri eng yuqori koʻrsatkichdir, deya xabar bermoqda Britaniya xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS).

Tashkilot hisobotida qayd etilishicha, qurbonlar soni 2022 yilga nisbatan 14 foizga, zoʻravonlik holatlari esa 28 foizga oshgan.

Ushbu tendentsiya "dunyoning koʻp joylarida vaziyat gumanitar ehtiyojlar, barqarorlik va qayta qurish nuqtai nazaridan tobora muammoli boʻlib borayotganidan dalolat beradi".

BMTning nufuzi pasaymoqda

Institut, shuningdek, BMTning nufuzi pasayib ketganiga ishora qilmoqda. Xavfsizlik Kengashida davlatlar bir-birining rezolyutsiyalariga veto qoʻyadi - bu aniq umumiy qarorga kelishga imkon bermaydi. Jumladan, AQSh dekabrʻ oyi boshida Isroil va Falastin oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish rezolyutsiyasiga toʻsqinlik qildi.

Nodavlat qurolli guruhlar faollashuvi

IISS oʻz sharhida qayd etilishicha, murakkab va bir-biriga oʻxshash maqsadlarga ega boʻlgan nodavlat qurolli guruhlar (NQG)ning kuchayishi, tashqi aralashuv va iqlim oʻzgarishi jarayonining tezlashishi sharoitida muammolarni hal etib boʻlmaslik hozirgi global mojarolar manzarasining oʻziga xos xususiyati hisoblanadi. Xususan, davlatlarning legitimligi yomonlashgani sari NQGlarning mojaro tomoni va siyosiy oʻyinchi sifatidagi oʻrni ortib bormoqda.

Dunyo boʻylab 60 dan 80 milliongacha odam NQGlar nazorati ostidagi kvazidavlatlarda yashamoqda. Jumladan, Somalida “Ash-Shabab”, Afgʻonistonda “Tolibon”, Suriya va Iroqda IShID, Nigeriyada Boko Xaram, Kolumbiyada Kolumbiya Inqilobiy qurolli kuchlari (FARC) va boshqalar turli vosita va resurslardan foydalangan holda nazorati ostidagi hududlarda katta taʻʻsir kuchiga ega boʻlib ulgurgan.

Mavzuga aloqador