17.12.2024 12:47

Rossiyadagi YTHda 5 oʻzbekistonlik halok boʻldi

Rossiyadagi YTHda 5 nafar oʻzbekistonlik halok boʻldi

17 dekabrʻ kuni Rossiyaning Ulʻyanovsk viloyatida Cobalt engil avtomobili va MAZ yuk mashinasi oʻrtasida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida 5 nafar Oʻzbekiston fuqarosi hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda Oʻzbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 05:10 atrofida Saransk — Surskoe — Ulʻyanovsk yoʻnalishida roʻy bergan. Rossiya Ichki ishlar vazirligining Ulʻyanovsk viloyati boshqarmasiga koʻra, Cobalt haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, qarama-qarshi harakat yoʻlagiga chiqib ketgan va yuk mashinasi bilan toʻqnashgan.

Berilgan maʻʻlumotga koʻra, 5 nafar Oʻzbekiston fuqarolari: K.S.; 47 yoshli A.A.; 47 yoshli B.O.; 36 yoshli J.I.; 20 yoshli K.A, halok boʻlgan. Yuk mashinasi haydovchisi esa ogʻir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Oʻzbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi holatni nazoratga olgan va vakolatli organlar bilan birgalikda halok boʻlganlarning jasadlarini vatanga qaytarish choralarini koʻrmoqda.
Hodisa boʻyicha tergov ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, bosh konsulxona voqea bilan bogʻliq barcha zarur maʻʻlumotlarni taqdim etish va fuqarolarga koʻmak berish uchun quyidagi telefon raqamlarini taqdim qildi:

+7−843−526−55−63
+7−843−526−55−64
+7−843−526−55−65
Telegram: @kazan_mfa_uz