Green Card 2025: oʻzbekistonliklar dunyoda eng koʻp gʻolib chiqqan millat boʻldi
AQSh Davlat departamenti tomonidan oʻtkaziladigan Diversity Visa (DV) — Green Card lotereyasi natijalariga koʻra, 2025 yilgi dasturda Oʻzbekiston fuqarolaridan 5 564 nafar kishi gʻolib deb topildi. Bu koʻrsatkich jahon boʻyicha eng yuqori natija sifatida qayd etildi.
Joriy yilda dasturda dunyo boʻylab taxminan 131 ming nomzod saralab olindi. Ulardan 55 ming nafarga AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi viza taqdim etiladi. Gʻoliblarning asosiy qismi Afrika, Osiyo va Evropa davlatlari fuqarolaridan iborat.
Eng koʻp gʻolib chiqqan besh davlat:
- Oʻzbekiston — 5 564 kishi
- Jazoir — 5 526 kishi
- Rossiya — 5 519 kishi
- Misr — 5 515 kishi
- Sudan — 5 505 kishi
AQSh rasmiylarining taъkidlashicha, saralangan 55 ming kishining hammasi viza olish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlamasligi mumkin. Shu bois 2025 yil 1 oktyabrdan 2026 yil 30 sentyabrgacha zahira roʻyxatidan ham viza taqdim etilishi mumkin.
Oʻzbekiston fuqarolarining ishtirok dinamikasi
Soʻnggi besh yillik natijalar shundan dalolat beradiki, Oʻzbekiston Green Card dasturida doimiy ravishda yuqori ishtirok va yutuq koʻrsatkichlariga ega:
- 2021 — 5 319 gʻolib
- 2022 — 6 001 gʻolib (manba)
- 2023 — 5 511 gʻolib
- 2024 — 5 555 gʻolib (manba)
- 2025 — 5 564 gʻolib
Bundan tashqari, 2019–2021 yillar oraligʻida Oʻzbekistondan 2,8 milliondan ortiq ariza topshirilgani qayd etilgan.
Markaziy Osiyo davlatlaridagi holat
2025 yilgi natijalarga koʻra, qoʻshni mamlakatlardagi gʻoliblar soni ham anchagina:
- Oʻzbekiston — 5 564 kishi
- Qirgʻiziston — 3 095 kishi
- Tojikiston — 2 982 kishi
- Qozogʻiston — 2 004 kishi
- Turkmaniston — 2 010 kishi (manba)
Green Card lotereyasi 1990 yilda qabul qilingan AQSh immigratsiya qonuniga asosan joriy etilgan. Har yili 20 milliondan ortiq kishi ariza topshiradi. Ammo gʻoliblik viza kafolati emas — nomzodlar AQSh elchixonasida suhbat va hujjat tekshiruvidan oʻtishlari kerak boʻladi.