29.11.2024 20:15

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, oʻn birinchi qism)



Onam oshxonaga chopib kirib, hilba donini qaynatdilar-da, suviga shakar aralashtirib, xamir qordi. Shirinlikni qolipga quygach, Mahmud akam uni pechga joyladi. Shirinlik tayyor boʻlgach, hali idishga solinmasidan egimiz kelardi. Hammamiz yopirilib kelganimizdan onam tabriklash uchun chiqadigan qoʻshnilar uchun ham bir necha likobcha olib qoʻyishga zoʻrgʻa ulgurdi. 

Kunlar oʻtib, bobomning ahvoli yomonlashdi. Soʻnggi kunlardagi holatidan bizni tashlab ketishining isi kelib qolgandi. Xastaligi bois faqat juma namoziga chiqishga yarar, qolgan namozlarga borish tugul, hatto oʻz xonasidan hovlimizga ham chiqa olmay qolgandi. Hovlimiz orqasidagi majlisxonaga-ku, aralasholmay qolgandi. Imtihonlar natijasi chiqqanida ham xursandchiligimizga sherik boʻlolmadi. Ehtimol, bunga Hasan akamning imtihonlardan yiqilgani sabab boʻlgandir. U uchun ham gʻam-tashvish chekib, ahvoli yomonlashgandi-da. Shunday boʻlsa ham, akam imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib kelgan kuni kechasi bilan bobomning oldida boʻldik. Atrofida giryon boʻlib, kuldirishga harakat qilardik. Mahmud akam Misr oliygohlaridan biriga kirish uchun oldida bir yoz boʻlib, bu uning uchun oʻqishiga mablagʻ jamlab olish uchun qulay fursat edi.

1948 yili bosib olingan erlarga borib ishlash fikri mutlaqo rad qilingandi. Shuning uchun togʻamning korxonasida ishlashda davom etgani maʻʻqulmikin, deya oʻylab qolinardi. Oʻqish uchun qoʻshimcha ish qidirish haqida ham koʻp  oʻyladi. Bu masala haqida onam ikkisi uzoq bosh qotirishib, oxiri togʻamning korxonasida Muhammad va Hasan akalarni qoldirib, Mahmud akamni u erdan boʻshatish fikriga kelishishdi. Tashqarida jiddiyroq ishlab, oʻqishga koʻproq jamgʻarma qilish reja qilindi. Ularning rejasiga koʻra, ish boshlash uchun katta sarmoya boʻlishi ham zarur emas. Shunday qilib, Mahmud akam sabzavot bozorning bir chetidan oʻziga joy tayyorlashga qaror qildi. Albatta, buning uchun bir necha lira kifoya. Koʻp daromad qilmasa-da, agar jamlab yursa, oʻqish boshlanguniga qadar bir yiliga etadigan pul toʻplab olishi mumkin. Shundan soʻng onam Mahmud akamni tungi karantin vaqti tugagani eʻʻlon qilinishi bilanoq uygʻotar, Mahmud akam esa, ertalabda boʻladigan ulgurji bozorga borib, uch-toʻrt liraga yarasha sabzovot xarid qilardi. Sotib olgan bir necha turdagi sabzavotlarini bozorning bir burchagida erga etagini yozib,  ustiga taxlab chiqqach, sotishni boshlardi. Peshindan soʻng oshib qolgan sabzavotlarni uyda ishlatib yuborgani onamga olib kelib berardi. Kunlik ishidan yigirma yo yigirma besh tiyin saqlab qoʻyadigan boʻldi. Tez-tez kuchli nazoratli karantinlar boʻlib turgani uchun qoʻni-qoʻshnilar ham sabzavotlarni Mahmud akamdan oladigan boʻlishdi. Qarabsizki, uyimizning bir burchagi ham Mahmud akamning bozoriga aylandi.
***
Fidoyilardan ketma-ket zarbalarga duchor boʻlib, pistirmalarga tushavergan bosqinchilar vaziyatni nazoratga olishning boshqacha yoʻliga oʻtishdi - lagerning xiyobonlarini toraytirib, nazoratga olish osonlashishi uchun kattaroq koʻchalarni toʻsiqlar bilan boʻlib, bir necha qisimga ajratib yuborishdi. Buni amalga ooʻirish jarayoni quyidagicha boʻlgandi: 

Avvaliga goʻyo urush qayta boshlanganday kuchli karantin joriy qilindi. Keyin kattaroq mahallalarda allanimalarni hisoblab boʻlishgach, ayrim uylarning devoriga  qizil rangda katta qilib «X», baʻʻzilariga esa kichikroq «X», ayrimlariga toʻgʻri chiziq chizib chiqishdi. Soʻng katta «X» chizilgan binolarning oldiga yaqinlashish mumkinmasligini bildiruvchi peshlavhalar osildi. Ana shundan soʻng bunday belgilar qoʻyilgan uylarning egalariga ogohlantiruv berildi. Katta «X»  qoʻyilgan uylar tag-tugi bilan buziladi, kichkinasi va toʻgʻri chiziq chizilgan uylarning bir qismi buziladi. Kimning uyi buzilishi haqida ogohlantiruvchi qogʻoz kelsa, oʻsha xonadonda dod-voy boshlanardi. Axir bu shoʻrliklar goʻdaklari va ayollarini etalab qaerga borishi mumkin?! Nima ham qilishardi? Bir amallab solib olgan eplama uyidan ham ayrilib, qaytadan koʻchada qolardi-da. Bizning omadimiz bor ekan shekilli, uyimiz buzilishi koʻrsatilgan uylar qatoridan joy olmagandi. Qoʻshnilarning uyi buzib yuborilgandan soʻng orqa tomondagi tor yoʻlagimiz katta koʻchaga aylanib qoldi. Qolaversa, uyimiz buzilmagani Mahmud akam uchun ham omadli boʻldi. Chunki hovlimizda jamlagan sarmoyasi barbod boʻlardi, buning oqibatida Gʻazodan chiqolmay qolishi ham mumkin edi. Lekin Allohning akamga va bechora onamga mehribonligi boʻlgan. Oʻshanda onamning akamga «Xudoning sen bilan menga marhamati boʻldi-da bolam», deganini eslayman. 

Bir qancha kun oʻtib bulʻdozerlar ortidan katta qoʻshin keldi-da, oʻsha xonadonlar buzishlishini qayta eʻʻlon qilib, boʻshatib qoʻyishlarini talab qildi. Ana undan soʻng xuddi yirtqich hayvon oʻljasiga tashlanganday uylarni ayamay buzib solishdi. Qaytadan koʻchada qolgan yuzlab erkagu ayol va bolalarning yana qalbi parchalandi. Bulʻdozerlar uyoqdan buyoqqa borib kelar, har borganda yo qaytganda kishilarning biri uning oldini toʻsar, yo biror ayol chiqib, oʻzining yuziga urib dodlardi. Uyidan hali bola-chaqasini olib chiqmagan bir kishi bulʻdozerning tagiga borib yotib olsa, harbiylar tomonidan ayovsiz kaltaklanardi. Kech kirib, odamlarning jarohatlariga jarohat qoʻshildi. Kelinoyim yangi oilaga uzatilganidan soʻng katta amakivachchalarim bilan bobom marhum amakimning uyiga koʻchib oʻtishgandi. Onam uyi buzilgan qoʻshnilarimizdan ikki oilaga to biror boshpana topgunlaricha oʻsha hovliga kirib turishlariga izn berdi. Bundan qoʻshnilarimiz juda ham minnatdor boʻlishdi. Ertasi kuni «Qizil xoch» tashkilotidan bir vakil kelib, vayron qilingan xonadonlarni koʻzdan kechirdi, kerakli bayonotlarni yozib ketdi. Ertasiga esa muhojirlar uchun uy-joy qilib beradigan yana bir tashkilotdan kelishdi. Ular ham hamma uyi buzilganlarga boshqa mintaqadan uy qurib berilishini aytib ketdi. Bu goʻyo odamlar uchun muammolariga osmondan tushgan echimdek yoqqandi. 

Odamlar vaʻʻda bergan tashkilot vakillarini «Qachon koʻchib oʻtsak boʻladi?», «Qurib beradigan uyingiz qaerda boʻladi?», «Qanday uy qurib berasizlar?» kabi yuzlab savollarga koʻmishdi. Vakillardan tayinli javob chiqmadi. Ammo shundan bir oy oʻtib, odamlar 1967 yili Isroil bosib olgan Aʻʻrish  shahridagi yo Gʻazoning oʻzidagi yangi uylariga koʻcha boshladilar. (Aʻʻrish Misrning sino mintaqasidagi shaharchalardan biri. Oʻsha paytda Isroil tomonidan bosib olingan, soʻng yana Misr tasarrufiga oʻtgan). 

Amakimning uyida vaqtincha yashab turgan oila ham qolgan uysiz qolgan oilalar kabi yangi uylariga ega boʻlishdi. 
***
1948 yilda bosib olingan erda yangi shahar barpo etish maqsadida mehnat muhojirlari uchun eshiklar ochilgani xalq orasida katta shov-shuvga sabab boʻldi. Ammo koʻp eshiklarning berkligi, bir burda non olib kelishini kutib oʻtirgan qora koʻzlar uchun ham koʻplab erkaklar borib ishlashga majbur boʻldilar.

Qimmatchilik, dori-darmon, taʻʻlim kabi narsalarga boʻlgan kuchli ehtiyoj, u erga borib ishlashdan toʻsuvchi har qanday qarshilikdan ustun kelardi. Ota-onalarda farzandlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, turmush tarzini oʻnglashga xohish kuchayib borardi. Avvaliga zaruriy ehtiyoj bilan boshlangan bu mehnat safari bora-bora tabiiy turmush tarziga aylandi. Fidoyilar esa odamlarni bundan qaytarishga ojiz edilar. 

Lagerni qismlarga boʻlib, boshqa tarafdan  ichkarida mehnat muhojirlari uchun ruxsatlar berilib, jangchilar bilan toʻqnash kelishi keskin pasayib, bosqinchi xufiyalari-yu harbiylari sal-pal rohat topib qolishgani shundoq ravshan edi. Shundan soʻng odamlar Gʻarbiy Sohil va Gʻazodan Hayfa, Yafa kabi soatlab yuriladigan shaharlardagi ish erlariga oʻz vaqtida etib borishlari uchun tungi karantinni ham qisqartirishdi. Yaqinlari ichkarida ishlab yurganlarning turmush tarzi darajama-daraja oʻnglanib borayotgani kundek ravshan edi. Hali ishlashga ketganiga hech qancha boʻlmay, bunisi uyining tomini shifer bilan yopayotgan, bunisi «Dvp»-«Dsp»  mahsulotlaridan foydalanayotgan,  yana biri devorini koʻtarayotgan, narigisi uyiga mustahkam darvoza oʻrnatayotgan, boshqasi qoplab tsement va dengiz sohilining sadaf qorishtirilgan qumidan olib kelib, ustalarga hovlisini tekislatayotgan boʻlardi.  Shu tariqa uy-joylarning koʻrki osha boshladi. Bizning uyimiz ilgari qolganlarning uyiga qaraganda tuzukroq edi, lekin atrofdagi uylar rivojlanib ketgach, eng pastqam uylardan boʻlib qoldi. Uyida katta oʻzgarish qilishga qodir boʻlmaganlar brezent olib kelib, tomiga yopar va chor atrofidagi halqasimon teshikchalaridan ip oʻtkazib, shiferga bogʻlab chiqishardi, soʻng chetlariga yogʻoch boʻlaklari qoʻyib chiqilib, yaxshilab mixlanardi. 

Har holda, yomgʻirli kunlari chakka oʻtishidan saqlaydi-da. Nima boʻlganda ham, uxlayotganingizda uyingiz tomidan chakka oʻtib, hamma narsani shalabbo qilmaydi, uygʻotib yubormaydi.

Onam bilan Mahmud akam buning narxini hisoblab chiqib, bizning ham uyimizni shunday brezent bilan yopishga qaror qilishdi. Akam bir hovuch mix, yogʻoch boʻlaklari hamda brezent sotib olib keldi. Hasan va Muhammad akalarim koʻmaklashib turishdi, Mahmud akam did bilan butun tomni yopib chiqdi.
 
Tomimizga brezent toʻshalishi bilan qishgi hayotimizda tub oʻsish boʻldi - endi yomgʻirli tunlarda chakka oʻtib, sopol idishlarga tomayotgan muzdak tomchilarning zarralari yuzimiz va toʻshaklarimizga sachrashidan qutilgandik.

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor