25.02.2025 09:11

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 33-qism)




Oʻn ikkinchi fasl

Xolamning eri (Abdulfattoh pochcha) mahbuslik muddatini oʻtab boʻlgandi. Ozod boʻlgach, yana tijorati, dehqonchiligi va chorvachiligi bilan shugʻullana boshladi. Hibsdan chiqquniga qadar oʻgʻli Abdurahim yurishni boshlab yuborgan. 

Abdulfattoh pochcha Xalildagi tijoriy aloqalari mustahkam doʻkonlarga  tez-tez borib turardi. Doʻkonlarning birida suhbatlashib oʻtirishar, choyxoʻrlik qilishardi. Tujjorlar Abdulfattohdan mahbuslik hayoti haqida savol-javob qilishardi. U erda qanday muomala qilishadi? Qanday qiynoqlarga solishadi? Nima ayblovlar qoʻyishdi, kabi savollarga Abdulfattoh tavoze bilan, odamlarni bosqinchi va qamoqxonalardan qoʻrqitib yubormaslik maqsadida «chidasa boʻladi» , deya javob berardi. Yana shuni ham qoʻshimcha qilib qoʻyardi: «Toʻgʻri, mahbuslik oson emas. Lekin chidasa boʻladi. Irodani mustahkamlaydi. Inson oʻzini anglay boshlaydi, kuch-quvvati nimada ekanligini tushunib oladi». 

Bu gapni tinglayotgan tujjorlar boshini silkib, maъqullab oʻtirishardi. Ayrimlari taajjublanib, yonidagi sherigiga boqar, balki qaysidir biri Abdulfattoh ketganidan soʻng: «Bu esipastni qara. Oilasini sarson qilib, oʻzi bir ahvolga tushib, yana chidasa boʻladi, deyishini! Quruq gap bu», degan boʻlsa ham ajab emas. 

Ukasi Abdurahmon Xalildagi «Toriq ibn Ziyod» oliy maъhadining yakuniy bosqichida oʻqiyotgandi. Ushbu yigit xulq-atvorida, jiddu jahdi, diyonatliligi va odamlar bilan iliq munosabatlari bilan nom qozongan. Taъlim olayotgan shahri va chor atrofdagi qishloq talabalarining ichida goʻzal sifatlari bilan tanilgan. Oʻsha kezlarda mazkur maъhad talabalari orasida diniy oqimga ergashgan dindor talabalar shakillana boshlagandi. Shu maъhadning ustozlari Iordaniya oligohida tahsil olishgan. Oʻsha erda taъlim olish chogʻida «Musulmon birodarlar» jamoasiga qoʻshilishgan ekan. Xalilga kelib dars bera boshlashgach, oʻz fikrlarini talabalar ongiga kirita boshlashgan. Natijada fikrlarni iliq qabul qilgan talabalarni atrofiga jamlashgan. 

Shu paytlari oliygohda «Shariat» fakulьteti ham ochilgandi. Shahar hokimining oʻzi ochilishga bosh-qosh boʻlgandi. Yigitlarning ushbu fakulьtetda jamlanishi ortidan siyosiy va fikriy oqimlar paydo boʻla boshladi. Bularning ichida eng taniqlisi,  «Musulmon birodarlar» oqimi edi. Bunga sabab, murabbiylarning mazkur oqim fikrlarini kiritishi boʻlgan. 
Bir qancha yigitlar shu oqimning urugʻi sifatida jamlana boshladi. Oʻzlarining xatti-harakatlari, qolaversa ustozlarning koʻmagi bilan keng yoyila boshladilar. Gʻazo sektorida yoki Gʻarbiy Sohil shimolida «Ixvonul-muslimiyn» jamoasining nomi Xalildagidak oddiy qabul qilinmasdi, bu nomni haqoratlash, kamsitish uchun qoʻllanilardi. Xalilda boʻlsa, bu jamoa oʻz tarixiga ega boʻlgan. Xalildagi maъlum va mashhur oilalar ushbu jamoa fikriga mansub boʻlganidan uning nomini qabul qilinishi ham oson kechgangan. 

Shunday qilib, «Toriq ibn Ziyod»  maъhadida tahsil oladigan shahar va qishloqdan kelgan talabalar «Ixvonul-muslimiyn» taъlimotidan tor doirada dars oladigan boʻlishdi. Ular orasida Abdurahmon ham bor edi. Darsligida islomiy darslarga zamonaviy islom gʻoyalari moddasi ham qoʻshildi. Kunlarning birida oʻsha yigitlar jamoasi Abdurahmonni ziyorat qilish uchun Surif qishlogʻiga keladi. Bu – «Ixvonul-muslimiyn» jamoasining oʻziga xos faoliyatlaridan biri, shu tarzda bogʻlanib iymonlashadi. Mehmon boʻlib ketgan nafarcha Abdurahmonning doʻstlari adirlikka chiqib oʻynashdi, soʻng oʻtirib, din va siyosat mavzularida suhbatlashishdi. Bu payt Abdulfattoh pochcha ukasining doʻstlariga egulik hozirlayotgandi. Abdurahmon ertalabdan toʻrtta tovuq soʻyib, doʻstlarini kutib olishga hozirlik koʻrib qoʻygandi.  Abdulfattoh pochcha allaqachon tushlikni tayorlab boʻlgan boʻlsa-da, ukasi olib ketishga kelmayotganidan xavotirlanib, tushlikni oʻzi olib borib berishga qaror qiladi. Adirga olib chiqib, ukasiga egulikni berar ekan, ukasi dedi: 

-Ovora boʻlibsizda, aka. Hozir oʻzim borib opkelmoqchidim.

Abdulfattoh javob berdi: 

-Ovorasi yoʻq. Doʻstlaring bilan bahonada tanishib olarkanman-da.

Ular bilan Abdulfattoh ham oʻtirib, tushlik qildi. Chaq-chaqlashishdi, kulishib suhbat qurishdi. Abdulfattoh ukasining doʻstlaridan vatanparvarlik haqida soʻrab, gap ochdi: 

-Vatanparvarlik yoʻlidagi ishlar haqida fikringiz qanday? Ularning biri javob berdi:

-Muammo shundaki, xalqimiz hali hamon vatanparvarlik kurashidagi muhim omillarni topa olgani yoʻq. Bu yoʻlda tayorgarlik, qurbonliklar darajasi oʻta past! 

Abdulfattoh biroz hayajonga berilib ketgandi: 

-Qanday qilib bu gapni aytyapsan?! Sening bu iddaoingga koʻra, nimaga suyanish kerak ekan?! 

-Chunki masala islom ahamiyatidagi masaladir. Ikki qiblaning avvali, uch haramning uchinchisi boʻlgan Aqso masalasi turibdi. Vatanparvarlik masalasidan koʻra mana bunisi  koʻproq fidoyiliklarni talab qiladi. Bunga esa, odamlarning tayorgarligi zarur boʻlganidan million marta kam. 

Abdulfattoh tortishishda davom etib dedi: 

-Sen Gʻazoda, Gʻarbiy Sohilda, Quddusda va koʻplab qishloqlardagi fidoyiliklarni eshitmagan koʻrinasan? 

-Siz aytayotganlarning hammasini eshitganman, xabarim bor. Lekin bularning hammasi zarur boʻlganidan ancha oz. Aka... Siz yahudlarning Xalilda qanday bemalol yurganini koʻrmaganmisiz? Hech kim ularga qarshilik qilolmaydi. Sayyohlarning haram ziyoratiga kelganlarini koʻrmapsiz, yahudlar Ibrohim haramida baqir-chaqir, oʻyin-kulgu qilishmoqda. Bozorlarga kelib, falastinliklar bilan qanday bemalol oldi-berdi qilayotganlarini koʻrmaganmisiz? Xuddi bosqinchi emasdek yurishadi. Erlarimizni tortib olmaganday xotirjamlar. 

Shu payt Abdurahmon suhbatga qoʻshilib: 

-Shubhasiz, vatanparvarlik undovining oʻzi kurash uchun kamlik qiladi. Bunga yana qoʻshim... - gapini tugatmay turib Abdulfattoh gap boshladi: 

-Uka, bu xalqimiz shuncha vaqtdan buyon oʻz erini himoya qilib kelyapti. Taslim boʻlishmaydi.  Ular-chi... - deb, u ham gapini tugatishga ulgurmay, boyagi yigit soʻzini boʻlib, gap boshladi: 

-Men sizga oʻzim bilan sodir boʻlgan bir voqeani aytib beraymi? Xullas, bosqinchilar yurtimizni bostirib kelgan kezlarda hali yosh goʻdak edim. Xalil koʻchasida bir yahudiy bemalol ketayotganini koʻrib, jahlim chiqib ketdi-da, qoʻlimga tosh olib, oʻsha yahudiyga otib, soʻng daraxt ortiga berkinib oldim. Boyagi yahudiy ketib boʻlgandir, deb oʻylagunimcha berkinib oʻtirdim. Hali chiqmasimdan qoʻshnimizning oʻgʻli «Jamol. Jamol. Chiqaver, ketib boʻldi», deya chaqira boshladi. Daraxt ortidan chiqib bordim. Xaligi yahudiy bir uyning orqasida berkinib turgan ekan, shart kelib, meni tutib oldi-da, boshimga toʻpponchasini oʻqtaldi. Qaytib bunday qilmasligimni tayinlab, meni qoʻrqita boshladi. Oʻshanda bilgandim, men tosh otib qochgan yahudiy qoʻshnilarning uyini taqillatib, meni topib berishini, agar topib bermasa, bolalarini qamatib yuborishini aytib, tahdid qilgan ekan. Shundan soʻng qoʻshnilardan biri meni tutib berish uchun oʻgʻliga chaqirtirgan ekan. 

Abdulfattoh ham uning gapini boʻlib, oʻzi soʻz boshladi: 

-Ha, boʻlishi mumkin, boʻlishi mumkin. Lekin odamlar yaxshi, xalqimiz yaxshi.

-Men ham xalqimizni yaxshi, hatto oʻshanday odamlar ham yaxshi, deyman. Ular durust insonlar aslida, lekin zarar etishidan qoʻrqishadi. Qurbonlik uchun tayorgarligi ozda ularning... Shuning uchun uzoq amaliyot olib borish...- deb, gapi tugamay, Abdulfattoh yana gapini boʻlib, dedi: 

-Hoy bola. Hech qanday amaliyotga hojat yoʻq. Har bir inson qoʻlidan kelganini qilsin, boʻldi. Nega boshingizni ogʻritib bu gaplarni gaplashyapman oʻzi..?! Yaxshisi, men keta qolay, sizlar mazza qilib oʻtiringlar-a.. 

Abdulfattoh etagini yigʻishtirar ekan, yigitlarga: «Xush kelibsizlar! Xush kelibsizlar!  Yaxshi oʻtiringlar! Assalamu alaykum va rohmatulloh», deya turib ketdi. Yigitlar kunni zaytun daraxtlari ostida oʻyin-kulgu bilan oʻtkazishdi.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador